Murojaatlar boʻyicha tahliliy axborot
“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi tizimida murojaatlar bilan ishlash borasida
2018 - yil yanvar-oktabr oylarida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan tahliliy
AXBOROT
“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasiga 2018 yilning yanvar-oktabr oylari davomida jami 17 ta murojaat kelib tushgan. Barcha murojaatlar “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni asosida o‘rganib chiqilib, o‘z muddatida qanoatlantirilgan yoki idoraviy mansubligi bo‘yicha boshqa tashkilotga yo‘llangan.
Jumladan, 2018 - yil 5 - fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh Vaziri vertual qabulxonasi orqali inspeksiyaga Toshkent viloyati, Ohangaron tumani, Ungut MFY fuqarolaridan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tassarrufidagi Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli hududida joylashgan Toshkent-Angren temir yo‘l uchastkasining 73 kilometridagi temir yo‘lni xavfli burilishi deb ta’riflangan va o‘sha joydagi temir yo‘l yonidagi mahalla aholisiga xavf solayotganligi yuzasidan murojaat kelib tushgan. Mavjud muammoni atroflicha o‘rganish va aniq xulosaga kelish maqsadida inspeksiya Toshkent filiali va Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli rahbarlaridan tuzilgan komissiya murojaat kelib tushgan joyga chiqib masalani o‘rganib chiqqan. O‘rganish davomida mahalla faollari bilan suhbat uyushtirilib, muammo chuqur tahlil qilingan. Yakunda, Toshkent – Angren temir yo‘l uchastkasining 73 kilometridagi burilish O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘llaridan foydalanish qoidalari, joriy me’yoriy hujjatlar talablariga mos ekanligi borasida xulosa qilinib, fuqarolarni o‘ylantirib turgan muammo (yuqori xavfning mavjudligi borasidagi shubha) asl holati borasida aniqlik kiritilgan.
2018 - yil 9 - iyul kuni inspeksiya rasmiy veb-sayti orqali Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti talabasidan magistrlik dissertatsiyasida foydalanishi uchun O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l kesishmalarida haydovchilar tomonidan sodir etiladigan transport vositalarining harakatlanuvchi tarkib bilan to‘qnashuvlari bo‘yicha olib boriladigan xizmat tekshiruvlari to‘g‘risidagi Yo‘riqnoma taqdim etilishi so‘ralgan. Murojaatchining elektron adresiga yo‘riqnoma yo‘llangan va bu haqda xat orqali yozma ma’lum qilingan.
2018 - yil 7 - aprel kuni inspeksiya rasmiy veb-sayti orqali murojaatchidan 1985-1990 yillarda ishlab chiqarilgan vagonlar sotib olish, O‘zbekiston hududiga olib kirish, undan foydlanish qoidalari, xizmat ko‘rsatish muddati va uni uzaytirish imkoniyatlari to‘g‘risda normativ huquqiy hujjatlar asosida to‘liq ma’lumot berish so‘ralgan. Murojaatchiga so‘ralgan ma’lumot taqdim etilgan.
2018 - yil 27 - mart sanasida pm.gov.uz orqali elektron tarzda chipta xarid qilish jarayonidagi kamchiliklar to‘g‘risida shikoyat xati kelib tushgan. Amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining asosiy vazifasi etib O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transportida yuk va yo‘lovchilarni tashish xavfsizligini ta’minlanishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish belgilangan. Shunga muvofiq murojaatda ko‘rsatilgan masalani hal qilish inspeksiya vakolatiga kirmasligi bois idoraviy mansubligi bo‘yicha “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyatiga yuborilgan va murojaatchiga bu haqda yozma ma’lum qilingan.
Tahlillar shuni ko‘rsatyaptiki “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasiga kelib tushgan aksariyat murojaatlar inspeksiya vakolatiga kirmaydi. Shu bois aholini, joylardagi shaxobcha temir yo‘liga ega bo‘lgan tadbirkorlarni, temir yo‘l bilan faoliyati bevosita bog‘liq bo‘lgan fuqarolarni inspeksiya faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, ularning huquqiy bilimlarini mustahkamlash, inspeksiya interaktiv xizmatlari bilan tanishtirish maqsadida respublikaning aksariyat viloyat va shahalarida uchrashuvlar hamda qabullar tashkil etildi.
Sirdaryo, Jizzax, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Andijon, Xorazm viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va poytaxtda tashkil etilgan bu kabi tadbirlarda yig‘ilganlarga ko‘plab kerakli ma’lumotlar taqdim etildi, ular o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga, og‘zaki murojaatlariga aniq javob olishdi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 - yil 9 - apreldagi 278-sonli “Mahalliy va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha temir yo‘l transportida yo‘lovchilarni hamda yuklarni tashish faoliyatini litsenziyalash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq litsenziya berish tartibi, arizalarni to‘g‘ri to‘ldirish qoidalari, litsenziya muddatlari va berish shartlari borasida batafsil ma’lumot berildi. Inspeksiya boshlig‘iga bevosita murojaat qilish turlari (yozma, og‘zaki, rasmiy veb-sayt orqali), shaxsiy qabullar, ishonch telefoni to‘g‘risida axborot berildi. Aksariyat murojjatlar joyida ijobiy hal etildi.
Firdavs Xayriddinov
“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati boshlig‘i