Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar
Inspeksiya boshlig‘ining tegishli buyrug‘i bilan “O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan temir yo‘l transporti sohasida faoliyat yurituvchi korxona va tashkilotlarda o‘tkaziladigan tekshiruvlarni tashkil etish, o‘tkazish, rasmiylashtirish, hisobotini yuritish, natijalarini tahlil va monitoring qilish tartibini belgilash to‘g‘risida uslubiy ko‘rsatmalar” tasdiqlandi. Mazkur qo‘llanmada inspektorlarning tekshirishlar va profilaktik tadbirlarda nimalarga rioya qilishlari, huquq, majburiyat va vazifalari, shuningdek hujjatlarni rasmiylashtirishlari tartibi ko‘rsatib o‘tilgan.
Inspeksiya markaziy apparati va hududiy filiallarida mehnat qonunchiligi talablari buzilishining oldini olish, jumladan ichki mehnat tartibi qoidalari, odob-axloq qoidalariga qatʼiy rioya etish, inspeksiyaning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining 2021 yil 11 yanvardagi “Transport vazirligi markaziy apparati, hududiy bo‘linmalari va idoraviy mansub tashkilotlari xodimlarining mehnat intizomini mustahkamlash to‘g‘risida”gi buyrug‘i ijrosini taʼminlash maqsadida inspeksiya boshlig‘ining tegishli buyrug‘i qabul qilindi. Mazkur buyruq bilan inspeksiya xodimlarining mehnat intizomiga rioya qilish bo‘yicha asosiy majburiyatlari tasdiqlandi va barcha xodimlar yozma ravishda tanishtirildi.
Inspeksiyada korrupsiyaga qarshi kurashish “komplayens nazorat” tizimi monitoring qilindi hamda 2021 yil I chorak yakuniga ko‘ra amalga oshirilgan ishlar hisoboti rahbariyatga taqdim etildi. Hisobot davrida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan inspeksiyaga kelib tushgan murojaatlarda xodimlarning korrupsion hatti harakatlarga aloqadorligi yuzasidan ariza va shikoyatlar kelib tushmagan.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati