Temir yo‘l kesishmalarida harakat xavfsizligi
Poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida respublikamizning aksariyat shahar va tumanlarida, avtomobil transporti serqatnov joylaridagi temir va avtomobil yo‘llari kesishmalarida avtomatlashtirilgan shlagbaumlar, taqiqlovchi va ogohlantiruvchi belgilar o‘rnatilgan. Ushbu kesishma postlarida navbatchilar kechayu-kunduz xavfsizlikni ta’minlash maqsadida sergak xizmat qilishadi. Birgina Qashqadaryo viloyatining Qarshi-Kitob, Qarshi- Talimarjon yo‘nalishidagi temir yo‘l va avtomobil yo‘llaridagi qo‘riqlanuvchi kesishmalarning 50 foiziga zamonaviy videokuzatuv uskunalari o‘rnatilgan. Ushbu videokuzatuv tizimida tasvirga tushirilgan avtotransport haydovchilari tomonidan sodir etilayotgan koidabuzarliklar belgilangan tartibda ro‘yxatga olinib, viloyat IIB YXX boshqarmasi hamkorligida tegishli ravishda ma’muriy javobgarlikka tortilyapti.
Kesishmalarda yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzish holatlarining oldini olish maqsadida tegishli mutasaddi xodimlar bilan birgalikda profilaktik tushuntirish ishlari ham muntazam tashkil etiladi. Albatta, xavfsizlik temiryo‘l transporti faoliyati uchun eng muhim omil hisoblanadi. Shu bois bu boradagi ishlarga alohida ahamiyat qaratilib kelinadi. Xususan, viloyatda toifasi yuqori bo‘lgan qo‘riqlanuvchi temir yo‘l kesishmalarida shlagbaumlar avtomatlashtirildi va qo‘shimcha ravishda UZP qurilmalari o‘rnatildi. Endilikda avtoshlagbaumlar yopiq holatga kelgach kesishma temir to‘siqlar bilan himoyalanadi. Unutmaslik kerakki, bu ish avvalo yo‘lovchi va haydovchilar xavfsizligini o‘ylab amalga oshrildi.
Shu bilan birga, qo‘riqlanmaydigan temir yo‘l kesishmalaridan o‘tishda ham alohida ehtiyotkorlik lozim. Kesishmada ogohlantiruvchi qo‘ng‘iroq va svetоforlarning miltillovchi qizil chirog‘i poyezd yaqinlashayotganligini anglatadi. Bu paytda haydovchi, albatta, mashinani to‘xtashi shart. Shoshma-shosharlik oqibati esa ayanchli yakunlanishi barchaga ayon.
Kuzatuvlar shuni ko‘rsatmoqdaki, temir yo‘l yaqinida chorvachilik bilan shug‘ullanish, bazan temir yo‘l muhofazasi zonalari ichida chorva mollarining qarovsiz qoldirilishi, voyaga yetmagan bolalar tomonidan temir izlar ustiga turli xil buyumlar qo‘yilishi, fuqarolarning temir yo‘l ichidan harakatlanishi, stansiyalar yaqinida istiqomat qiluvchi aholi temir yo‘lni vagonlar ostidan kesib o‘tishi kabi salbiy holatlar uchrab turibdi. O‘zbekiston Respublikasining “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida”gi Qonunida temir yo‘l bekatlari, vokzallar va temiryo‘lni tashish jarayoni bilan bog‘liq boshqa bo‘linmalar hududlari, poyezdlar harakati amalga oshiriladigan temir yo‘l tarmoqlari o‘ta xavfli zonalar hisoblanadi, deb ko‘rsatilgan. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalari asosida temir yo‘llarda fuqarolarning beparvolik oqibatida sodir etgan qilmishlari va temir yo‘l transport tizimining benuqson harakatlanishiga keltirgan ziyonlari uchun jarimalar belgilangan. Qoidabuzarlar jarimalarga tortilishlari bilan birga o‘z hayotlarini katta xavf ostiga qo‘yayotganliklarini, bu esa fojiaviy yakunlanishi mumkinligini unutmasliklari lozim. Aks holda “So‘nggi pushaymon - o‘zingga dushman” naqli bo‘y ko‘rsatishi tayin!
Axborot xizmati boshlig‘i
F.Xayriddinov
Qashqadaryo filiali boshlig‘i
O.Kurbanazarov