Harakat xavfsizligini taʼminlashda har birimiz masʼulmiz

 

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi tomonidan «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi korxona va tashkilotlarda temir yo‘llarda harakat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan profilaktik ishlar va seminarlar muntazam ravishda olib borilmoqda. 2020 yilning ortda qolgan 10 oyi davomida “Qo‘qon” temir yo‘l uzelidagi stansiya, korxona va tashkilot muassasalarida 53 marotaba profilaktik ishlar olib borildi. Tadbirlarda 278 nafar ishchi xodimlar ishtirok etishdi. Ushbu ishlar davomida 336 dona kamchiliklar jumladan, 118 ta nuqsonlar aniqlandi. Aniqlangan kamchilik va nuqsonlar stansiya, korxona va tashkilot ishchi-xodimlari tomonidan ko‘rsatilgan muddatda to‘la-to‘kis bartaraf etildi va natijada harakat xavfsizligini buzilishi holatlari kamayishiga erishildi. 

Maʼlumki,  temir yo‘llardagi kesishmalar  harakat xavfsizligi uchun xavfli hudud  hisoblanadi. Farg‘ona vodiysi hududidan o‘tadigan temir yo‘llar joylarda avtotransportlar harakatlanadigan mahalliy va magistral yo‘llari bilan kesishadi.  “Qo‘qon” mintaqaviy temir yo‘l uzeli unitar korxonasi hududida 146 ta temir yo‘l kesishmasi mavjud bo‘lib, undan 58 tasi qo‘riqlanadigan, 88 tasi qo‘riqlanmaydigan toifalarga mansub. Avtotransport haydovchilarining temir yo‘l kesishmalaridan bamaylixotir va eʼtiborsizlik bilan o‘tishi oqibatida Farg‘ona vodiysi temir yo‘l kesishmalarida 2020 yilning 10 oyi mobaynida 8 ta ko‘ngilsiz voqealar-to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Bu hodisalar asosan baʼzi bir haydovchilar tomonidan amaldagi qonun-qoidalarga amal qilmaslik va shoshma-shosharlik natijasida kelib chiqmoqda. Achinarlisi, bu kabi eʼtiborsizliklar odatda fojiali yakun topadi.

Bu kabi holatlarning oldini olish, qoidalarga to‘la to‘kis amal qilish orqali eng avvalo o‘zimizning hayotimiz va sog‘lig‘imizni turli ko‘ngilsizliklardan saqlab qolishimiz mumkinligini unutmasligimiz lozim.

 

O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi

Axborot xizmati