Temir yo‘l kesishmalarida harakat xavfsizligi qoidalariga amal qiling!
Hozirgi kunda Respublikamizning qolgan hududlari qatori Qashqadaryo viloyatida ham poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida shahar va tumanlarning avtomobil transporti serqatnov joylaridagi temir yo`l va avtomobil yo‘llari kesishmalarida avtomatlashtirilgan shlagbaumlar, taqiqlovchi va ogohlantiruvchi belgilar o‘rnatilgan bo‘lib, ushbu kesishma postlarida navbatchilar kecha-kunduz sergak xizmat qilishmoqda. Bu esa harakat xavfsizligi qoidalari buzilish holatlarining oldini olish imkonini beradi. Aholi o`rtasida muntazam profilaktik tadbirlar o`tkazilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davri davomida bevosita filial boshlig‘i va xodimlari tomonidan 100 nafardan ziyod fuqarolar ishtirokida 43 marotaba proflaktik tadbirlar o‘tkazildi.
Bundan tashqari “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi Qashqadaryo filiali inspektorlari Qashqadaryo viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari hamkorligida mahallalarda va ta’lim muassasalarida ham tushuntirish ishlari olib borildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad temir yo‘l yaqinida istiqomat qiladigan aholini o‘z xavfsizligi uchun yanada e’tibori bo‘lishini ta’minlash, temir yo‘l muhofaza hududida chorva mollarining qarovsiz qoldirilishi, voyaga yetmagan bolalar tomonidan temir izlar ustiga turli xil buyumlar qo‘yilishi, temir yo‘lni belgilanmagan joylardan kesib o‘tishi kabi salbiy holatlarni oldini olishdan iboratdir.
Shuni unutmaslik kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalariga muvofiq temir yo‘llarda fuqarolarning beparvolik oqibatida sodir etgan qilmishlari va temir yo‘l transport tizimining benuqson harakatlanishiga keltirgan ziyonlari uchun jarimalar belgilangan. O‘zbekiston Respublikasining “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida”gi Qonunida esa temir yo‘l bekatlari, vokzallar va temir yo‘lni tashish jarayoni bilan bog‘liq boshqa bo‘linmalar hududlari, poyezdlar harakati amalga oshiriladigan temir yo‘l tarmoqlari o‘ta xavfli zonalar hisoblanadi, deb ko‘rsatilgan.
Muxtasar qilib aytganda, temir yo‘llarda poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash barchamizning burchimizdir. Bu borada mahallalarda, ta’lim muassasalarida temir yo‘ldan o‘tish, poyezdlar harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi holatlarning oldini olish yuzasidan targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish talab etiladi.
O.Qurbonnazarov
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Qashqadaryo filiali boshlig‘i