Har bir murojaat alohida eʼtiborda!
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasiga 2020 - yilning yanvar-iyul oylari davomida jami 55 ta murojaat kelib tushgan. Murojaatlarning 48 tasi bevosita inspeksiyaga, 7 tasi esa Virtual qabulxona orqali kelib tushgan. Barcha murojaatlar o‘z vaqtida o‘rnatilgan tartibda o‘rganib chiqilib, ijrosi taʼminlangan.
Jumladan, 2020 - yil 15 - may kuni Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi F.Raxmatovdan temir yo‘l kesishmasiga qancha uzoqlikda savdo obyekti ochish mumkinligi va mazkur holat qaysi normativ hujjatga asoslanishini so‘rab murojaat qilgan. Murojaatchiga savdo obyektini qo‘l bilan harakatlanuvchi zaxira shlagbaumdan keyin joylashtirish maqsadga muvofiqligi bildirilgan. Ushbu holat O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 1998 - yil 31 - iyulda 460-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan “O‘zbekiston Respublikasida temir yo‘llarini kesib o‘tish joylaridan foydalanish bo‘yicha yo‘riqnoma”ga muvofiq xulosa berilganligi tushuntirildi.
Amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining asosiy vazifasi O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transportida yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini taʼminlanishi ustidan nazoratni amalga oshirishi belgilangan. Ammo joriy yilning dastlabki 7 oydagi murojaatlarni tahlili inspeksiya vakolatiga kirmaydigan murojaatlar salmog‘i oshganini ko‘rsatyapti. Mazkur murojaatlarning barchasi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni asosida o‘rganib chiqilib, idoraviy mansubligi bo‘yicha boshqa tashkilotga yuborilgan. Aksariyat murojaatchilarga batafsil tushuntirish berilgan.
Inspeksiyaning markaziy apparati va filiallarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, ish yuritish masalalari muntazam monitoring qilib kelinadi. Murojaatlar bilan ishlashda kamchilikka yo‘l qo‘yilishining oldini olish maqsadida xodimlar uchun “onlayn” rejimda Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash va ijro nazorati bo‘limi boshlig‘i K.Ismoilov tomonidan kerakli ko‘rsatmalar berildi.
Hisobot davrida murojaatlarni ko‘rib chiqishda jiddiy kamchilik va qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilmadi va masʼul xodimlarga nisbatan javobgarlik choralari qo‘llanilgani yo‘q.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati