Har bir xo‘jalik bo‘yicha kerakli tavsiyalar berildi
Joriy yilning 8 oyi mobaynida “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining markaziy apparati va filiallari xodimlari tomonidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati korxonalarida hamda o‘zining shaxobcha temir yo‘liga ega bo‘lgan tadbirkorlik subyektlarida temir yo‘l transporti xavfsizligini taʼminlash borasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Bunda asosiy eʼtibor profilaktik tadbirlarga qaratildi.
Xususan, Toshkent filialida vagon xo‘jaligi bo‘yicha qilingan ishlar samarali bo‘lmoqda. Jumladan, Toshkent vagon deposi va texnik xizmat ko‘rsatish shaxobchalarida jumladan: “Angren”, “Ohangaron”, “Axcha”, “Abliq”, “Ozodlik”, “Sergeli”, “Chuqursoy”, “O‘zbekiston”, “Paxta”, “Chinoz”, “Sirdaryo”, “Guliston”, “Jizzax” va boshqa stansiyalarda vagon xo‘jaligi bo‘yicha 58 ta profilaktik ishlar amalga oshirildi. O‘tkazilgan 26 ta seminar mashg‘ulotlarida 516 nafar ishchi xodimlar ishtirok etishdi. Tadbirlar vagonlarga samarali texnik xizmat ko‘rsatish mavzusida o‘tkazildi. Qolaversa, qo‘shni davlatlarida ro‘y bergan baxtsiz hodisalarning videoroliklari namoyish etilib, kelgusida bu kabi baxtsiz hodisalarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida kerakli ko‘rsatmalar berildi.
Xuddi shunday seminarlarning navbatdagisi 2020 yil 27 avgust kuni “Bekobod” stansiyasida joylashgan yo‘lovchi vagonlariga texnik xizmat ko‘rsatish shaxobchasida ishchi xodimlar faoliyatlari yuzasidan o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar kelib chiqishi sabablari va ularni bartaraf etish choralari bo‘yicha bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, yo‘l xo‘jaligi bo‘yicha bosh inspektor tomonidan Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli yo‘l xo‘jaligi xodimlari bilan birgalikda Toshkent, Xovost va Jizzax temir yo‘l masofalarida harakat xavfsizligini buzilishini oldini olish tadbirlari o‘tkazildi. Profilaktik ishlar davomida O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘llari texnikaviy foydalanish qoidalari buzilish hollari aniqlandi hamda nuqson va kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish yuzasidan kerakli tavsiyalar berildi.
Bundan tashqari kesishma navbatchilari va yo‘l nazoratchilari bilan alohida mavzularga to‘xtab o‘tildi, temir yo‘l harakat xavfsizligini taʼminlash borasida yo‘l xo‘jaligiga oid qonun qoidalarga rioya qilish yuzasidan tushuntirishlar berildi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati