Yoshlar bilan ishlash dasturi

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan yosh mutaxassislarni tanlash va ishga taqsimlash
DASTURI

1-bob. Umumiy qoidalar

  • Mazkur Dastur O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida” va “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 1-fevraldagi PF-5647-son Farmoni, “Transport sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 4-maydagi PQ-4703-son qarori hamda “Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi to‘g‘risida nizom” (ro‘yxat raqami 1506, 2005-yil 6-avgust) asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, Toshkent davlat transport universitetining (keyingi o‘rinlarda – Universitet) bitiruvchi kursida o‘qiyotgan qobiliyatli yosh mutaxassislarni transport va yo‘l xo‘jaligi sohasidagi tashkilotlar tomonidan saralab olish va ishga taqsimlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni nazarda tutadi.
  • Ushbu Dasturda belgilangan chora-tadbirlar asosida amaliyot (stajirovka) o‘tash, saralab olish va ishga taqsimlash Universitet kunduzgi shaklining bakalavriat va magistratura bosqichi bitiruv kurs talabalariga nisbatan tatbiq etiladi.
  • Transport va yo‘l xo‘jaligi sohasidagi tashkilotlar - O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi hududiy bo‘linmalari va idoraviy mansub tashkilotlari, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, “Uzbekistan Airways” AJ, “Uzbekistan Airports” AJ, “Yo‘lqurilish” AJ, “Toshshahartransxizmat” AJ va ularning tizimidagi barcha tashkilotlar hamda mulkchilik shaklidan qat’iy nazar transport va yo‘l xo‘jaligi sohasidagi barcha tashkilotlar (keyingi o‘rinlarda - ish beruvchilar) tushuniladi.

2-bob. Bitiruv kurs talabalarining bitiruv oldi amaliyot (stajirovka) o‘tash tartibi

  • Universitet bitiruv kurs talabalari bitiruv yili boshida belgilangan tartibga ko‘ra transport va yo‘l xo‘jaligi sohasidagi tashkilotlarga bitiruv oldi amaliyoti (stajirovka) (keyingi o‘rinlarda - amaliyot) o‘tash uchun yo‘naltiriladi. Bunda talabaning yashash manzili va xohishi inobatga olinib, universitet tegishli buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.
  • Amaliyot o‘tash quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

universitet tomonidan talaba tegishli tashkilotga yo‘naltiriladi;

tashkilotda talabaning amaliyot jarayonini muvofiqlashtirish, amaliy ko‘nikma va malakalarni o‘rgatish uchun tajribali xodimlardan amaliyot rahbari tayinlanadi;

talaba amaliyot davomida o‘zlashtirishi lozim bo‘lgan bilim va ko‘nikmalar aks ettiriladigan amaliyot kundaligini yuritadi;

talaba tashkilotning ichki mehnat tartibi, mehnat muhofazasi, texnika xavfsizligi va ishlab chiqarish sanitariyasi qoidalariga amal qilib, amaliyot rahbari ish faoliyati bilan hamohang tarzda amaliyot o‘taydi;

talaba tomonidan amaliyot yakunida hisobot tayyorlanadi va amaliyot natijalari asosida amaliyot rahbari tomonidan baholanadi.

  • Amaliyot davrida talaba berilgan topshiriqlar ijrosi va natijasi yuzasidan tashkilot xodimlari kabi mas’uliyat va javobgarlik oladi.
  • Amaliyot davrida o‘zining intiluvchanligi, tirishqoqligi, jamoada chiqishimli va berilgan vazifalarni bajarishdagi malakasini inobatga olib, talabalarni tashkilot tomonidan moddiy rag‘batlantirilishi mumkin.

3-bob. Yosh mutaxassislarni tanlash va ishga taqsimlash tartibi

  • Universitet bitiruvchilarini saralab olish va ishga taqsimlash jarayoni quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

I bosqich. Transport va yo‘l xo‘jaligi sohasidagi tashkilotlar rahbarlari hamda Universitet bitiruvchilari o‘rtasida uchrashuvlar tashkil etish;

II bosqich. Universitet tomonidan bitiruvchining ilmiy salohiyati, bilimi va ma’naviy fazilatlarini aks ettiruvchi portfolio tayyorlash;

III bosqich. Bitiruvchilarni saralash, ishga taqsimlash va yo‘llanma berish.

  • Mazkur dastur doirasida ishga taqsimlash jarayonlari natijasi bo‘yicha tahliliy statistik ma’lumot tayyorlash va kelgusida Universitet bitiruvchilarining transport va yo‘l xo‘jaligi sohasidagi tashkilotlarda qo‘nim topishlari uchun zaruriy choralarni ko‘rib borish.

1-§. Ish beruvchilar va bitiruvchilar o‘rtasida uchrashuvlar tashkil etish (I bosqich)

  • Bitiruvchilarning transport va yo‘l xo‘jaligi sohasidagi tashkilotlar faoliyati haqida tasavvurini yanada boyitish, ularni sohada olib borilayotgan
    ijtimoiy-iqtisodiy, texnik-texnologik islohotlar bilan tanishtirish hamda bitiruvchi yoshlarni ishga jalb qilish maqsadida ish beruvchilar va Universitet talabalari o‘rtasida uchrashuvlar tashkil etiladi.
  • Ish beruvchilar va talabalar o‘rtasida uchrashuvlar O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri tomonidan tasdiqlangan reja-grafikka muvofiq har yili mart-aprel oylarida tashkil etiladi.
  • Reja-grafik talabalar tahsil olayotgan ta’lim yo‘nalishlari va unga mos sohaviy tashkilotlar ish xususiyatlaridan kelib chiqib tuziladi.
  • Uchrashuv tashkilot rahbarlari, kadrlar xizmati mas’ullari hamda Universitet rahbariyati va talabalari ishtirokida tashkil etiladi.
  • Uchrashuv ochiq muloqot, tashkilot to‘g‘risidagi ma’lumotlar yoritish berish va savol-javob tarzida olib boriladi.
  • Uchrashuv o‘qish va jamoat ishlarida faol ishtirok etayotgan bitiruvchi talabalarni rag‘batlantirish tarzida yakunlanadi.

2-§. Bitiruvchilar portfoliosini tayyorlash (II bosqich)

  • Transport va yo‘l xo‘jaligi sohasidagi tashkilotlarni yuqori malakali yosh mutaxassislar bilan ta’minlash, ilmiy salohiyati, bilimi va ma’naviy fazilati yetuk bitiruvchilarni o‘z intilgan sohasida qo‘llab-quvvatlash maqsadida bitiruvchilar portfoliosi tayyorlanadi.
  • Har bir bitiruvchining portfoliosi Universitet tomonidan mazkur Dastur
    1-ilovasiga muvofiq namunaviy shaklda tayyorlanadi.
  • Bitiruvchi portfoliosi uni ishga taqsimlash bosqichida ish beruvchilar uchun tavsiyaviy xususiyatga ega bo‘lib, saralash jarayonlarini yengillashtirish uchun xizmat qiladi.

3-§. Bitiruvchilarni saralash, ishga taqsimlash va yo‘llanma berish
(III bosqich)

  • Bitiruvchilarni saralash, ishga taqsimlash va yo‘llanma berish oshkoralik, xolislik va betaraflik tamoyillari asosida amalga oshiriladi.
  • Bitiruvchi portfoliosi asosida eng salohiyatli va bilimli bitiruvchilar ta’lim yo‘nalishlari (mutaxassisliklar) kesimida saralab olinadi.
  • Bitiruvchilarini ishga taqsimlash Transport vaziri tomonidan tasdiqlangan “Ishga taqsimlash komissiyasi” tomonidan olib boriladi.
  • Ishga taqsimlash bitiruvchi portfoliosi, oilaviy sharoiti doimiy yashash joyi va taklif etilayotgan ish joylarida ishlash istagini hisobga olgan holda tashkilotlar ehtiyojlaridan kelib chiqib amalga oshiriladi.
  • Ishga taqsimot bo‘yicha uchrashuvlar O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri tomonidan tasdiqlangan reja-grafikka muvofiq har yili aprel-may oyida Universitetda tashkil etiladi.
  • Barcha ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha davlat grantlari asosida tahsil olgan Universitet bitiruvchilari majburiy tartibda kamida uch yil ishlab berish sharti bilan transport va yo‘l xo‘jaligi sohasidagi tashkilotlarga ishga taqsimlanadi.
  • Ishga taqsimlash natijasiga ko‘ra, ish beruvchilar tomonidan tanlab olingan bitiruvchilarga mazkur Dastur 2-ilovasiga muvofiq komissiya tomonidan namunaviy ishga joylashish yo‘llanmasi taqdim etiladi. Bunda, bitiruvchiga taqdim etilgan yo‘llanma unga yo‘llanmada ko‘rsatilgan tashkilotga bir martalik ishga joylashish huquqini beradi va bir yilgacha bo‘lgan muddatda o‘z kuchini saqlab qoladi.
  • Yo‘llanma berilgan tashkilotda ishga qabul qilish tanlov asosida amalga oshirilsa, ushbu tashkilotga bitiruvchilar yo‘llanma asosida tanlovsiz qabul qilinadi (davlat fuqarolik xizmati nazarda tutilgan tashkilotlar bundan mustasno).

4-bob. Davlat xizmatiga ishga qabul qilish

  • Transport vazirligi markaziy apparati, hududiy bo‘linmalari va tasarrufidagi davlat boshqaruv organlaridagi davlat fuqarolik xizmati nazarda tutilgan lavozimlarga ishga qabul qilish Transport vaziri tomonidan tasdiqlangan tartib asosida amalga oshirilib, Universitet bitiruvchilari uchun ham ushbu tartib talablari tatbiq etiladi.
  • Bunda, vazirlik hududiy bo‘linmalarida davlat fuqarolik xizmatining 6- va 5-darajali xizmatchi mutaxassis lavozimlariga nomzodning eng past darajasiga qo‘yiladigan malaka talablarida bitiruvchilar uchun bir yilgacha bo‘lgan muddatda ish stajini talab qilmaslik imkoniyati beriladi. Ushbu Dasturning 27-bandida keltirilgan tanlov jarayonlarining suhbat o‘tkazish bosqichida nomzodlarning o‘rtacha ballari teng bo‘lgan taqdirda ustunlik Universitet bitiruvchisiga beriladi.

5-bob. Yakuniy qoidalar

  • Mazkur Dasturda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirmagan mas’ullar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
  • Mazkur Dasturda qo‘llashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan yosh mutaxassislarni tanlash va ishga taqsimlash dasturiga

1-ilova

Toshkent davlat transport universiteti bitiruvchisi

PORTFOLIOSI

Talaba ta’lim yo‘nalishi (mutaxassislik) nomi

Ta’lim bosqichi (bakalavriat yoki magistratura)

Familiyasi, ismi va otasining ismi

 

Tug‘ilgan yili

 

O‘rtacha reyting bahosi (%)

 

Mutaxassislik fanlaridan o‘rtacha bahosi (%)

 

Tashkilot tomonidan qo‘yilgan amaliyot bahosi (ball)

 

Umumiy ish staji va faoliyat sohasi

 

Xorijiy tillarni bilishi

 

*Davlat tilini bilish darajasi (%)

 

*Kompyuter savodxonligi (%)

 

Doimiy yashash joyi (viloyat, tuman)

 

Boshqa hududda ishlash imkoniyati mavjudligi (ha yoki yo‘q)

 

Izoh: (*) - ushbu ko‘rsatkichlar Universitetda o‘tkazilgan maxsus test sinovlari natijalariga asosan qo‘yiladi.

Portfolioda keltirilgan barcha ko‘rsatkichlarning haqqoniyligi uchun Universitet mas’ul xodimi javobgar hisoblanadi.


 

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan yosh mutaxassislarni tanlash va ishga taqsimlash dasturiga

2-ilova

 

Ishga joylashish yo‘llanmasi NAMUNASI

 

 

O‘zbekiston Respublikasi

Transport vazirligi

 

Ishga joylashish

yo‘llanmasi

 

№_____

kk.oo.yyyy.

 

Toshkent davlat transport universiteti

______________________________

(bakalavriat yoki magistratura)

______________________________yo‘nalishi

(ta’lim yo‘nalishi nomi)

bitiruvchisi___________________________

(FISh to‘liq yoziladi)

____________________________________ga

(tashkilot nomi)

ishga joylashish uchun yuborildi.

 

 

Rahbar

(imzo)

 

M.O‘.

 

Izoh: Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, “Uzbekistan Airways” AJ, “Uzbekistan Airports” AJ, “Yo‘lqurilish” AJ va boshqa yirik potensial tashkilotlarga ishga joylashish uchun beriladigan yo‘llanma mazkur tashkilot rahbarlari tomonidan imzolanadi.

 

     

04.08.2023  Chop etish