Inspeksiya sobiq rahbari vafot etdi
2001 yil hukumatning tegishli qaroriga asosan tashkil etilgan Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasining birinchi rahbari, faxriy temiryo‘lchi Bahodir Vahitovich Yusupov 2020 yil 17 sentyabr kuni 75 yoshida vafot etdi.
Bahodir Yusupov 1945 yil 22 iyunda Toshkent shahrida tavallud topdi. O‘rta maktabni bitirgach, 1968 yilda Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida tahsil oldi.
Temir yo‘l sohasidagi salkam yarim asrlik mehnat faoliyatini O‘rta Osiyo temir yo‘li Toshkent teplovoz taʼmirlash zavodining oddiy ishchisi sifatida boshlab, qobiliyati va mehnatsevarligi evaziga xizmat pillapoyalaridan pog‘onama pog‘ona o‘sib bordi. 1972-1973 yillarda harbiy xizmatni o‘tab qaytgach, qator masʼuliyatli vazifalarda samarali mehnat qildi.
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston temir yo‘llari tizimida boshqaruv raisining o‘rinbosari, so‘ng birinchi o‘rinbosari-bosh muhandisi kabi masʼuliyatli lavozimlarda o‘zini tashkilotchi va talabchan rahbar sifatida namoyon etdi.
2001 yil temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish sohasidagi faoliyatni davlat tomonidan tartibga solish tizimini takomillashtirish, yuk va yo‘lovchilar xavfsiz tashilishi nazorat qilinishini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” davlat inspeksiyasining (izoh: 2019 yilgacha inspeksiya shu nom bilan yuritilgan) ilk rahbari va mazkur tashkilot tashkil etilishining tashabbuskorlaridan biri bo‘ldi. Davlat tashkilotining zamon talabi darajasida faoliyat yuritishi uchun barcha choralarni ko‘rib, samarali va muvaffaqiyatli boshqardi.
Fidoyi va jonkuyar rahbarning temir yo‘l sohasi rivoji yo‘lidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. Turli yillarda "Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan transport xodimi" faxriy unvoni, "O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 10 yilligi" esdalik nishoni va "Faxriy temiryo‘lchi" belgisi bilan mukofotlandi.
Mehribon ustoz, tashkilotchi rahbar, kamtarin inson Bahodir Yusupovning yorqin xotirasi uning farzandlari, shogirdlari, hamkasblari qalblarida hamisha saqlanib qoladi. “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi jamoasi marhumning yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati