RASMIY MUNOSABAT
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda “Maoshimizning 1 foizini kasaba uyushmasiga o‘tkazish haqida ariza yozish talab qilinyapti” sarlavhali e’lon qilingan xabarga asosan Transport nazorati inspeksiyasi quyidagilarni ma’lum qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi Qonuning 7-moddasiga ko‘ra, “Fuqarolar o‘z qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun o‘z tanloviga ko‘ra ixtiyoriy ravishda kasaba uyushmalarini tuzish, ularga a’zo bo‘lish, kasaba uyushmasi faoliyati bilan shug‘ullanish va kasaba uyushmalariga a’zolikdan chiqish huquqiga ega”.
Transport nazorati inspeksiyasi xodimlari ham ixtiyoriylik asosida kasaba uyushmasiga a’zo bo‘lishlari yoki a’zolikdan chiqishga to‘la haqli bo‘lib, bu borada xodimlarning huquqlari Qonun bilan himoyalangan.
Qolaversa, joriy yil 5-fevral sanasida Inspeksiya boshlig‘i, kasaba uyushmasi raisi va a’zolari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda kasaba uyushmasiga a’zolik ixtiyoriy ekanligi va bu borada xodimlarni kasaba uyushmasiga a’zo bo‘lishga yoki a’zolikdan chiqishga majburlashga yo‘l qo‘yilmasligi ta’kidlab o‘tildi. Shuningdek, kasaba uyushmasi raisi tomonidan jamoa shartnomasida ko‘rsatib o‘tilgan huquqlar va majburiyatlar tushuntirib o‘tildi.
Transport nazorati inspeksiyasi