Murojaatlar bo'yicha tahliliy axborot

              Murojaatlar bilan ishlash borasida 2018 yil yanvar - dekabr oylarida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan tahliliy yozma axborot

    “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasiga 2018 - yilning yanvar-dekabr oylari davomida jami 43 ta murojaat kelib tushgan. Barcha murojaatlar “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni asosida o‘rganib chiqilib, o‘z muddatida qanoatlantirilgan yoki idoraviy mansubligi bo‘yicha boshqa tashkilotga yo‘llangan.

                  Inspeksiyaning hududiy filiallarida hisobot davrida jami 26 ta murojaat kelib tushgan. 3 ta murojaat inspeksiya vakolatiga kirmasiligi bois tegishliligi bo‘yicha korxona va tashkilotlarga yuborilgan va murojaatchiga xabar berilgan. Qolganlariga to‘liq tushuntirish berilgan, qanoatlantirilgan.

                Tahlillar shuni ko‘rsatyaptiki “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasiga kelib tushgan aksariyat murojaatlar inspeksiya vakolatiga kirmaydi. Shu bois aholini, joylardagi shaxobcha temir yo‘liga ega bo‘lgan tadbirkorlarni, temir yo‘l bilan faoliyati bevosita bog‘liq bo‘lgan fuqarolarni inspeksiya faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, ularning huquqiy bilimlarini mustahkamlash, inspeksiya interaktiv xizmatlari bilan tanishtirish maqsadida respublikaning aksariyat viloyat va shahalarida uchrashuvlar ommaviy qabullar tashkil etildi. Sirdaryo, Jizzax, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Andijon, Xorazm viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va poytaxtda tashkil etilgan bu kabi tadbirlarda yig‘ilganlarga ko‘plab qimmatli ma’lumotlar taqdim etildi, ular o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga, og‘zaki murojaatlariga aniq javob olishdi.

                 Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 - yil 9 - apreldagi 278-sonli “Mahalliy va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha temir yo‘l transportida yo‘lovchilarni hamda yuklarni tashish faoliyatini litsenziyalash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq litsenziya berish tartibi, arizalarni to‘g‘ri to‘ldirish qoidalari, litsenziya muddatlari va berish shartlari borasida batafsil ma’lumot berildi. Inspeksiya boshlig‘iga bevosita murojaat qilish turlari (yozma, og‘zaki, rasmiy veb-sayt orqali), shaxsiy qabullar, ishonch telefoni to‘g‘risida axborot berildi. Aksariyat murojaatlar joyida ijobiy hal etildi.

                 Muammo yoki taklif bilan chiqqan jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari yechimni qaysi tashkilotdan izlashlarini aniq bilib olishlari uchun joylarda aholi bilan ko‘proq bevosita muloqotga kirishish, uchrashuvlar tashkil etish, sayyor qabullar sonini oshirish maqsadga muvofiqligini ta’kidlagan holda bu boradagi faoliyat inspeksiyaning joriy yildagi ustuvor vazifalaridan bo‘lishini qayd etish lozim.

Firdavs Xayriddinov
“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati boshlig‘i