Xalqaro seminar samarali bo‘ldi

              14-15 noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi va Bosh prokuratura Akademiyasi bilan hamkorlikda “Davlat organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha idoraviy chora-tadbirlari samaradorligini oshirish” mavzusida xalqaro seminar tashkil etildi. Unda xalqaro ekspertlar guruhi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, vazirlik va idoralar xodimlari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

               Dastlab, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi kotibi Nodira Zikrillayeva yig‘ilganlarni tadbir maqsadi, mohiyati va mavzusi shu bilan birga ma’ruzachilar bilan yaqindan tanishtirib o‘tdi. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda Yevropa Kengashining korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi eksperti Yaroslav Strelchenok Yevropa va rivojlangan davlatlar tajribasida mazkur illatga qarshi kurashish holatini aniq misollar yordamida batafsil ochib berdi, o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi. Ma’ruzachi korrupsiyani barataraf etishda ichki nazorat mexanizmlari, korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarni aniqlash naqadar muhimligi to‘g‘risida so‘z yuritdi.

               Sloveniyaning sobiq Adliya vaziri, korrupsiyaga qarshi kurashishdagi boy tajribaga ega bo‘lgan ekspertlardan yana  biri Goran Klemenchich so‘zlariga ko‘ra elektron deklaratsiyalarni kiritish, moliyaviy operatsiyalarni shaffofligini ta’minlash va boshqa AKT maxsulotlaridan samarali foydalanish orqali ko‘zlangan maqsadga erishish mumkinligini bildirdi.

              Xalqaro seminarning ikkinchi kuni amaliy mashg‘ulotlar tarzida, tahlillar bilan uyg‘un tarzda kechdi. Unda vazirlik va idoralar vakillari amaliyotda o‘zlari duch kelayotgan muammo va takliflarini o‘rtaga tashlab muhokama qilishdi va kerakli xulosalarga ega bo‘lishdi.

              O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziriligi qoshidagi “Elektron hukumat” markazi departament boshlig‘i Doniyor Fayzullayev davlat organalari faoliyatidagi shaffoflik borasida amalga oshrilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berdi. Vazirlik va idoralarning rasmiy-veb saytidagi holat va unda joy olishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni sanab o‘tdi.

             Seminar yakunida barcha ishtirokichilarga sertifikatlar topshirildi. Bosh prokuratura korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha xalqaro ekspertlar ishtirokida tibbiyot xodimlari, tadbirkorlar va boshqa soha vakillari bilan ham  seminarlar tashkil etishni rejalashtirgan.

 
Firdavs Xayriddinov
“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati boshlig‘i