Jamoatchilik kengashi to‘g‘risidagi nizom

Transport nazorati inspeksiyasi huzuridagi jamoatchilik kengashi to‘g‘risidagi

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

Mazkur Namunaviy nizom (keyingi o‘rinlarda Nizom deb yuritiladi) Transport nazorati inspeksiyasi huzuridagi jamoatchilik kengashining (keyingi o‘rinlarda — jamoatchilik kengashi) asosiy vazifalari, funksiyalari, vakolatlarini va faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.

Jamoatchilik kengashi o‘z ishini jamoatchilik asosida olib boradigan, doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblanadi.

Jamoatchilik kengashi Transport nazorati inspeksiyasining markaziy apparati huzurida tashkil etiladi va uning faoliyati mazkur inspeksiyaning barcha hududiy bo‘linmalariga tatbiq etiladi.

Jamoatchilik kengashi Transport nazorati inspeksiyasi boshlig‘ining qarori bilan tashkil etiladi.

Jamoatchilik kengashining qarorlari tavsiyaviy xususiyatga ega.

Jamoatchilik kengashi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, mazkur Nizomga hamda boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.

Jamoatchilik kengashi to‘g‘risidagi nizom va unga kiritiladigan o‘zgartishlar hamda qo‘shimchalar Transport nazorati inspeksiyasi boshlig‘ining qarori bilan tasdiqlanadi.

2-bob. Jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va majburiyatlari

Quyidagilar jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari hisoblanadi:

  • qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarda, qarorlarda, shuningdek, davlat, tarmoq va hududiy rivojlantirish dasturlarida jamoatchilik manfaatlari va jamoatchilik fikri hisobga olinishi, fuqarolarning, yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, jamiyat manfaatlarini himoya qilish sohasida qonun hujjatlari talablari ijrosini ta’minlash, davlat organi zimmasiga yuklangan hamda ijtimoiy va jamoatchilik manfaatlariga daxl qiluvchi vazifalar va funksiyalarni bajarish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish, ijtimoiy sheriklik doirasida amalga oshiriladigan bitimlar, shartnomalar, loyihalar va dasturlarni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha inspeksiya va uning mansabdor shaxslarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;
  • birgalikda muloqot qilish, Transport nazorati inspeksiyasining nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorligini ta’minlash uchun inspeksiyani fuqarolar bilan bog‘lab turadigan “ko‘prik” rolini bajarish;
  • Transport nazorati inspeksiyasiga nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan kelib tushgan sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni umumlashtirish va baholash;
  • fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi eng muhim masalalar yuzasidan Transport nazorati inspeksiyasining faoliyati haqidagi jamoatchilik fikrini tizimli monitoring qilish va har tomonlama tahlil qilish, sotsiologik so‘rovlar o‘tkazish, jumladan ularni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘tkazish;
  • Transport nazorati inspeksiyasi faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlari va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilgan ishlar ustidan monitoring va tahlil o‘tkazish, shuningdek, ularning natijalari bo‘yicha takliflar tayyorlash;
  • Transport nazorati inspeksiyasi faoliyatining ochiqligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlarni monitoring qilish, uning faoliyati to‘g‘risida batafsil axborot olish imkoniyatlarini tahlil qilish, ularni yanada kengaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
  • Transport nazorati inspeksiyasining rasmiy veb-saytida jamoatchilik kengashi faoliyati bilan bog‘liq ochiq e’lon qilinishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni joylashtirib borish hamda ularning har chorakda yangilanib borilishini ta’minlash;
  • Transport nazorati inspeksiyasi faoliyatini isloh qilishda fuqarolar ishtirok etishi uchun yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganish va ularni yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
  • Transport nazorati inspeksiyasi faoliyati bo‘yicha fuqarolar o‘rtasida o‘tkaziladigan tushuntirish ishlari va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etish, ularning samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
  • Transport nazorati inspeksiyasi xodimlari va ular oilalarining uy-joy, ijtimoiy-maishiy, xizmat shart-sharoitlarini, ularga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish sharoitlarini, shuningdek, ishdan bo‘shatilgan yoki zaxiraga olingan xodimlarni ijtimoiy va kasbiy moslashtirish bo‘yicha muammolarni kompleks tahlil qilish hamda tahlil yakunlari bo‘yicha mazkur sharoitlarni yaxshilash yuzasidan takliflar kiritish.
  1. Jamoatchilik kengashi o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:

Transport nazorati inspeksiyasining faoliyatiga doir masalalar yuzasidan fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining tashabbuslari hamda murojaatlarini ko‘rib chiqishda ishtirok etadi, shuningdek, ularni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha davlat organiga tegishli takliflar kiritadi;

Transport nazorati inspeksiyasining fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan o‘zaro hamkorligini tahlil qiladi, shuningdek, hamkorlikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;

Transport nazorati inspeksiyasi faoliyatiga taalluqli uning normativ-huquqiy hujjatlari va qarorlarini takomillashtirish, ulardagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi, shuningdek, kiritilgan takliflarni mazkur davlat organi xodimlari o‘rtasida muhokama qilishga bag‘ishlangan tadbirlarni tashkil etishda qatnashadi;

davlat dasturlari loyihalarini, tadbirlar rejalarini va Transport nazorati inspeksiyasi faoliyatiga taalluqli, shu jumladan korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi boshqa hujjatlarni ishlab chiqish yuzasidan takliflar tayyorlaydi, qabul qilingan dasturlarni amalga oshirishda vakolatlari doirasida ishtirok etadi, bajarilgan ishlarning samaradorligini tahlil qiladi, shuningdek, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;

Transport nazorati inspeksiyasiga nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan kelib tushgan sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni ko‘rib chiqadi;

Transport nazorati inspeksiyasi rahbarlari va xodimlarining fuqarolar bilan uchrashuvlarini, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqish bilan bog‘liq ishlarni tashkil etishda, shu jumladan joylarga borib tashkil etishda qatnashadi, ularning amalga oshirilishi ustidan monitoring o‘tkazadi;

Transport nazorati inspeksiyasi xodimlari va ular oilalarining uy-joy, ijtimoiy-maishiy, xizmat shart-sharoitlarini, ularga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish sharoitlarini yaxshilashda, shuningdek, ishdan bo‘shatilgan yoki zaxiraga olingan xodimlarni ijtimoiy va kasbiy moslashtirish muammolarini hal etishda ko‘maklashadi;

xodimlar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy va huquqiy himoya qilish masalalari bo‘yicha Transport nazorati inspeksiyasi xodimlari o‘rtasida keng tushuntirish ishlarini tashkil etadi;

Transport nazorati inspeksiyasida, uning hududiy bo‘linmalarida sog‘lom ishchanlik muhitini rivojlantirish, qonuniylikni, yuksak huquqiy madaniyat va axloqiylikni ta’minlash, xodimlarda Vatanga sodiqlik ruhini va qonunlarga bo‘lgan hurmatni kuchaytirish, ularni ijtimoiy, siyosiy, ruhiy va ma’naviy-ma’rifiy kamol toptirish, shuningdek, mazkur sohadagi ilmiy-ma’rifiy va o‘quv adabiyotlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

mamlakatda va xorijda keng jamoatchilikni Transport nazorati inspeksiyasi faoliyatini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar haqida muntazam ravishda xabardor qilishni ta’minlaydi hamda mavjud muammolarni hal qilish va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;

Transport nazorati inspeksiyasi faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy-nazariy va ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlarini tashkil etishda ishtirok etadi;

Transport nazorati inspeksiyasi faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish bo‘yicha bajarilayotgan ishlarning natijalarini tahlil qiladi, ularning samaradorligini oshirish va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;

o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarishda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamda fuqarolar bilan hamkorlik qiladi.

  1. Jamoatchilik kengashi zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun:

Transport nazorati inspeksiyasi tomonidan tashkil etiladigan bo‘lajak ochiq hay’at majlislari va boshqa ommaviy tadbirlar to‘g‘risidagi axborotni oldindan olish hamda mazkur tadbirlarda ishtirok etish;

Transport nazorati inspeksiyasining, jumladan uning hududiy bo‘linmalarining binolari (xonalari) va boshqa ob`yektlarini inspeksiya tomonidan belgilangan tartibda borib ko‘rish;

Transport nazorati inspeksiyasi, uning hududiy bo‘linmalari rahbarlariga jamoatchilik kengashi vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan takliflar kiritish;

Transport nazorati inspeksiyasi faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar va tavsiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan davlat organining axborotlari, statistika va boshqa materiallarini belgilangan tartibda olish;

Transport nazorati inspeksiyasining qonun ijodkorligi faoliyatida, inspeksiya tomonidan ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik va ekspertlar muhokamasini ta’minlashda ishtirok etish;

jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlariga Transport nazorati inspeksiyasi tomonidan berilgan javoblarning sifatini tanlab olgan holda tahlil qilish;

Transport nazorati inspeksiyasi xodimlarining roziligi bilan ularning uy-joy, ijtimoiy-maishiy va xizmat shart-sharoitlari bilan tanishish;

jamoatchilik kengashi majlislarida muhokama qilinadigan masalalarni yoritish bo‘yicha ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish;

yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun konferensiyalar, forumlar, seminarlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarni tashkil etish huquqiga ega.

Jamoatchilik kengashi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

  1. Jamoatchilik kengashi o‘z faoliyatini amalga oshirishda:

jamoatchilik nazorati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya qilishi;

Transport nazorati inspeksiyasi faoliyati bilan bog‘liq qonun hujjatlarida belgilangan cheklovlarga amal qilishi;

Transport nazorati inspeksiyasi va uning mansabdor shaxslarining o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiradigan faoliyatiga aralashmasligi;

Transport nazorati inspeksiyasi va uning mansabdor shaxslari faoliyat ko‘rsatishi uchun to‘sqinlik qilmasligi;

fuqarolarning or-nomusi va qadr-qimmatini tahqirlashga, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘ymasligi;

jamoatchilik nazoratini amalga oshirish davomida olingan axborotning, agar bunday axborotni tarqatish qonun bilan cheklangan bo‘lsa, maxfiyligiga rioya qilishi shart.

Jamoatchilik kengashining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

3-bob. Jamoatchilik kengashining tarkibini shakllantirish va ishini tashkil etish tartibi

  1. Jamoatchilik kengashining tarkibiga uning raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va a’zolari kiradi.
  2. Jamoatchilik kengashi a’zoligiga, qoida tariqasida, Transport nazorati inspeksiyasida namunali xizmat ko‘rsatgan mehnat faxriylari, jamoatchilik faoliyati sohalarida katta amaliy tajribaga ega obro‘-e’tiborli fuqarolar, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari qabul qilinadi.

Jamoatchilik kengashi a’zolarining soni cheklanmagan.

  1. Jamoatchilik kengashining tarkibi Transport nazorati inspeksiyasi rahbarining qarori bilan har 3 yilda tasdiqlanadi.
  2. Quyidagi holatlarda jamoatchilik kengashining raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va a’zolari uning tarkibidan chiqarilishi mumkin:

ular tomonidan jamoatchilik kengashi tarkibidan chiqish to‘g‘risida ariza berilganda;

jamoatchilik kengashining majlislarida muntazam ravishda ishtirok etmaganda, mazkur Nizomning 11-bandida nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmaganda;

ularga nisbatan chiqarilgan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;

vafot etganda, shuningdek, sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori asosida ular muomalaga layoqatsiz, bedarak yo‘qolgan yoki vafot etgan deb topilganda.

  1. Jamoatchilik kengashining tasdiqlangan a’zolari haqidagi ma’lumotlar, shuningdek, ularning aloqa ma’lumotlari (telefon, pochta va elektron manzillari) va ularga kiritilgan o‘zgartishlar ular tasdiqlangan paytdan boshlab 5 kun ichida davlat organining rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi shart.
  2. Jamoatchilik kengashining raisi:

jamoatchilik kengashining faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi;

jamoatchilik kengashining majlislarini chaqiradi va kun tartibini belgilaydi;

jamoatchilik kengashining majlislarida raislik qiladi;

jamoatchilik kengashining ish rejasini, majlisi bayonnomasini va boshqa hujjatlarini tasdiqlaydi;

jamoatchilik kengashi qarorlarining ijrosini nazorat qiladi;

jamoatchilik kengashi a’zolarining zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarilishini muvofiqlashtiradi;

Transport nazorati inspeksiyasining rasmiy veb-saytida va boshqa resurslarda joylashtiriladigan jamoatchilik kengashining faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar tarkibi bo‘yicha takliflar kiritadi va uni inspeksiya boshlig`i bilan kelishadi;

jamoatchilik kengashi qarorlarini bajarish masalalari yuzasidan Transport nazorati inspeksiyasi boshlig`i bilan hamkorlik qiladi;

jamoatchilik kengashining samarali ishini ta’minlash bo‘yicha boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

  1. Jamoatchilik kengashining raisi bo‘lmagan taqdirda, uning vakolatlari va majburiyatlarini rais o‘rinbosari bajaradi.
  2. Jamoatchilik kengashi raisining o‘rinbosari:

rais yo‘qligida jamoatchilik kengashining majlislarida raislik qiladi;

jamoatchilik kengashi qarorlarining ijrosini nazorat qilish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi;

fuqarolarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qiladi, shuningdek, jamoatchilik kengashi faoliyatiga taalluqli murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi;

jamoatchilik kengashining samarali ishlarini ta’minlash bo‘yicha boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

  1. Jamoatchilik kengashining kotibi:

jamoatchilik kengashining faoliyatini uslubiy, tashkiliy-huquqiy va tashkiliy-texnik jihatdan ta’minlash masalalarini hal qiladi;

jamoatchilik kengashining navbatdagi majlisiga barcha zarur materiallar o‘z vaqtida tayyorlanishini ta’minlaydi, Transport nazorati inspeksiyasi xodimlaridan zarur hujjatlar va ma’lumotlarni so‘rab oladi;

kun tartibiga muvofiq jamoatchilik kengashi majlislari o‘tkazilishini tashkil etadi;

jamoatchilik kengashi o‘tkaziladigan sana, joy va taklif etiladigan shaxslar ro‘yxatini jamoatchilik kengashining raisi bilan kelishadi;

jamoatchilik kengashining a’zolarini va taklif etilgan shaxslarni jamoatchilik kengashi majlisi o‘tkaziladigan joy, sana va vaqt haqida xabardor qiladi;

jamoatchilik kengashi qarorlarining ijro etilishi ustidan monitoring olib boradi va uning natijalarini jamoatchilik kengashi majlisida ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar kiritadi;

jamoatchilik kengashi majlisining bayonnomasini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonnomaning jamoatchilik kengashi a’zolari hamda boshqa manfaatdor shaxslarga jo‘natilishini ta’minlaydi;

jamoatchilik kengashining samarali ishlashini ta’minlash bo‘yicha boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

  1. Jamoatchilik kengashining a’zolari o‘z majlislarida ko‘rib chiqiladigan masalalarni muhokama qilish va hal qilishda o‘z vakolatini boshqalarga o‘tkazish huquqiga ega emas.

Jamoatchilik kengashining majlisida ishtirok etish imkoni bo‘lmagan holatlarda, uning a’zosi majlis kun tartibidagi masalalar bo‘yicha o‘z fikrini yozma shaklda yuborishi mumkin. Bunda uning fikri majlisda ko‘rib chiqiladi va ovoz berishda hisobga olinadi.

Jamoatchilik kengashining a’zolari:

o‘z zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun Transport nazorati inspeksiyasi tomonidan tashkil etiladigan hay’at majlislarida va boshqa ommaviy tadbirlarda ishtirok etadi;

jamoatchilik kengashi ish rejalarining loyihalarini tayyorlaydi, ularni jamoatchilik kengashida ko‘rib chiqish uchun kiritadi va tasdiqlangan ish rejalari bajarilishini ta’minlaydi;

Transport nazorati inspeksiyasi faoliyatining samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar va tavsiyalarni ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda qatnashadi;

Transport nazorati inspeksiyasi xodimlari, ularning oila a’zolari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi va ularning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha takliflarni jamoatchilik kengashiga kiritadi;

jamoatchilik kengashining kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan tahliliy materiallar tayyorlaydi;

jamoatchilik kengashining vakolatiga kiradigan masalalar bilan bog‘liq murojaatlarni ko‘rib chiqadi va natijalari bo‘yicha tegishli hujjatlarni tayyorlaydi;

jamoatchilik kengashining zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

  1. Jamoatchilik kengashi faoliyatining asosiy masalalari uning majlisida ko‘rib chiqiladi. Jamoatchilik kengashining majlisi uning ish rejalari asosida har chorakda kamida bir marta chaqiriladi.

Jamoatchilik kengashining raisi jamoatchilik kengashi a’zolarining uchdan bir qismining yozma murojaati asosida uning navbatdan tashqari majlisini chaqirishi mumkin.

Jamoatchilik kengashining yig‘ilishlari va kun tartibidagi masalalar Transport nazorati inspeksiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi shart.

  1. Jamoatchilik kengashining majlislariga boshqa davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari taklif etilishi mumkin.
  2. Jamoatchilik kengashi majlisi kun tartibining loyihasi kotib tomonidan jamoatchilik kengashi a’zolarining takliflari va jamoatchilik kengashi raisining topshirig‘i asosida shakllantiriladi.
  3. Jamoatchilik kengashining majlisini uning raisi olib boradi. Rais ishtirok eta olmagan holatlarda, majlisni uning o‘rinbosari olib boradi.

Jamoatchilik kengashining majlisida Transport nazorati inspeksiyasi boshlig`i, uning o‘rinbosarlari va boshqa xodimlar ishtirok etishi mumkin.

  1. Jamoatchilik kengashining majlisi, agar unda jamoatchilik kengashi a’zolarining kamida uchdan ikki qismi (kvorum) ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.

Majlisni o‘tkazish uchun kvorum shakllanmagan taqdirda, jamoatchilik kengashining yangi majlisi o‘tkaziladigan sana e’lon qilinadi.

  1. Jamoatchilik kengashining qarori majlisda ishtirok etayotgan jamoatchilik kengashi a’zolarining oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
  2. Jamoatchilik kengashining har bir a’zosi qabul qilinayotgan qarorlar bo‘yicha o‘zining fikrini yozma shaklda ifodalashga haqli. Uning fikri jamoatchilik kengashi majlisining bayonnomasiga majburiy tartibda qo‘shib qo‘yiladi.
  3. Jamoatchilik kengashining majlisida qabul qilingan qaror bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Jamoatchilik kengashi majlisining bayonnomasi kotib tomonidan imzolanadi, majlisga raislik qiluvchi tomonidan tasdiqlanadi va uch kun muddatda Transport nazorati inspeksiyasiga, jamoatchilik kengashi a’zolariga va manfaatdor shaxslarga yuboriladi.
  4. Jamoatchilik kengashining qarorini tezlik bilan qabul qilish zaruriyati tug‘ilganda, uning raisi tashabbusi bilan qaror jamoatchilik kengashining a’zolari bilan kelishilgan holda so‘rov yo‘li bilan qabul qilinishi mumkin.

Transport nazorati inspeksiyasi jamoatchilik kengashining qabul qilgan qaroriga qo‘shilmagan hollarda, jamoatchilik kengashining qarorini olgan kundan boshlab o‘n kundan kechikmay unga asoslantirilgan e’tirozini yozma shaklda yuboradi.

  1. Jamoatchilik kengashining kotibi kengash a’zolari ko‘magida jamoatchilik kengashi qarorlari ijrosining borishini o‘rganadi va ko‘rib chiqadi, zarur bo‘lgan hollarda, jamoatchilik kengashining raisiga tegishli takliflar kiritadi.

4-bob. Yakunlovchi qoidalar

  1. Jamoatchilik kengashining faoliyatini moddiy-texnik jihatdan ta’minlash Transport nazorati inspeksiyasi tomonidan, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
  2. Jamoatchilik kengashining faoliyati uning nizomiga va O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq ekanligi Transport nazorati inspeksiyasi boshlig`i tomonidan nazorat qilinadi.
  3. Jamoatchilik kengashining va Transport nazorati inspeksiyasi boshlig`ining jamoatchilik kengashi faoliyati bilan bog‘liq qarorlari ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.