Tekshirishlarni tashkil etish to'g'risida

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi
Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan temir yo‘l transporti sohasida faoliyat yurituvchi korxona va tashkilotlarda o‘tkaziladigan tekshiruvlarni tashkil etish, o‘tkazish, rasmiylashtirish, hisobini yuritish, natijalarini tahlil va monitoring qilish tartibi to‘g‘risida

USLUBIY KO‘RSATMALAR

1-bob. Umumiy qoidalar

 Mazkur O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan tekshiruvlarni tashkil etish, o‘tkazish, rasmiylashtirish, hisobini yuritish, natijalarini tahlil va monitoring qilish tartibi to‘g‘risidagi uslubiy ko‘rsatmalar (keyingi o‘rinlarda Uslubiy ko‘rsatmalar deb ataladi) O‘zbekiston Respublikasining “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida”gi va “Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 19 apreldagi 337-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Transport Vazirligi huzuridagi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi va uning hududiy filiallari (keyingi o‘rinlarda Inspeksiya deb ataladi) tomonidan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda temir yo‘l transporti sohasida faoliyat yurituvchi boshqa korxona va tashkilotlarda tekshiruvlarni amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq to‘g‘ri tashkil etish va o‘tkazish, natijalarini tahlil va monitoring qilish, shuningdek inspeksiya vakolatiga kiradigan masalalar (temir yo‘llarda tashishlar xavfsizligini ta’minlashga, temir yo‘l transportining harakatdagi tarkibi, texnik vositalarini saqlash, xizmat ko‘rsatish, ta’mirlash va ulardan foydalanishga, shu jumladan umumiy foydalanishdagi temir yo‘l transporti tashkilotlari va korxonalarida qozonxona ob’ektlari va ko‘tarish inshootlaridan xavfsiz foydalanishga oid normativ-huquqiy hujjatlar hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari ijrosi) yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar va dalolatnomalarni to‘g‘ri rasmiylashtirish va taqdim etish tartibini belgilash maqsadida ishlab chiqilgan.

  1. Uslubiy ko‘rsatmalarda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

anonim murojaat – jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yoki yuridik shaxsning to‘liq nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili) to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilmagan yoxud ular haqida yolg‘on ma’lumotlar ko‘rsatilgan murojaat, shuningdek uni identifikatsiya qilish imkoniyatini bermaydigan elektron murojaat yoxud imzo bilan tasdiqlanmagan yozma murojaat (O‘zbekiston Respublikasining ““Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonuni, 2017 yil 11 sentyabr, O‘RQ-445-son);

vakolatli organ – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil;

nazorat qiluvchi organlar – davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilishga qonun hujjatlari bilan vakolat berilgan vazirliklar va idoralar;

tekshiruv – Inspeksiyaning faoliyatida temir yo‘l transporti sohasi mavjud bo‘lgan davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar (keyingi o‘rinlarda temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlari deb ataladi) tomonidan temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlashga, temir yo‘l transportining harakatlanuvchi tarkibi, texnik vositalarini saqlash, xizmat ko‘rsatish, ta’mirlash va ulardan foydalanishga oid normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari ijrosini, shuningdek, umumiy foydalanishdagi temir yo‘l transporti tashkilotlari va korxonalarida qozonxona ob’ektlari va ko‘tarish inshootlaridan xavfsiz foydalanishni bir marta nazorat qilishi;

umumiy foydalanishdagi temir yo‘l transporti – temir yo‘lning poyezdlarni o‘tkazish, qabul qilish va jo‘natish, yuklar, bagaj va yuk bagajini qabul qilish hamda topshirish va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish, manyovr ishlarini amalga oshirish, poyezdlarni tuzish va tarqatib yuborish bo‘yicha tegishli operatsiyalarni bajarish uchun ochiq bo‘lgan temir yo‘l bekatlari, raz’ezdlari, quvib o‘tish punktlari joylashgan tarmog‘ini, ishlab chiqarish va ijtimoiy yo‘nalishdagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarni o‘z tarkibiga olgan, boshqa davlatlarning temir yo‘llari va transportning boshqa turlari bilan o‘zaro hamkorlikda tashish ehtiyojlarini ta’minlovchi yagona ishlab chiqarish-texnologiya majmui;

davlat organlari - faoliyatida temir yo‘l transporti sohasi mavjud bo‘lgan davlat boshqaruvi organlari va davlat muassalari;

tadbirkorlik sub’ektlari – belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslar;

xo‘jalik yurituvchi sub’ekt - faoliyati temir yo‘l transporti sohasi bilan bog‘liq bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari, davlat korxonalari va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda temir yo‘l transporti sohasida faoliyat yurituvchi boshqa korxona va tashkilotlar;

“xavfni tahlil etish” tizimi – xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan qonunbuzarlik sodir etish xavfi darajasidan kelib chiqib, tekshiruvni tashabbus qilishni nazarda tutuvchi tizim;

yagona tizim – vakolatli organga nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarida tekshiruvlarni o‘tkazish yuzasidan qabul qilingan qarorlarning asosliligini o‘rganish va tekshiruvlarni o‘tkazishga noyob kod bilan ruxsat berish, nazorat qiluvchi organlar tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tekshiruvlar o‘tkazish tartibiga rioya etilayotganligi ustidan nazoratni amalga oshirish, nazorat qiluvchi organlarga esa tekshiruvlarni kelishish, vakolatli organni o‘tkaziladigan tekshiruvlar to‘g‘risida xabardaor etish va o‘tkazilgan tekshiruvlar natijalarini kiritish imkonini beruvchi tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimi.

  1. Mazkur Uslubiy ko‘rsatmalar talablari quyidagi tekshiruv turlari uchun tatbiq etiladi:

davlat organlarida amalga oshiriladigan tekshiruvlar;

temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlarining o‘z tashabbusi bilan o‘tkaziladigan tekshiruvlar;

vakolatli organ bilan kelishilgan holda o‘tkaziladigan tekshiruvlar;

tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish orqali vakolatli organni xabardor etish tartibida o‘tkaziladigan tekshiruvlar.

  1. Tekshiruvlarni tashkil etish va o‘tkazish mazkur Uslubiy ko‘rsatmalarning 1-ilovasidagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.

 

2-bob. Tekshiruvlarni tashkil etish tartibi

 1-§. Davlat organlarida amalga oshiriladigan tekshiruvlarni tashkil etish tartibi

 

  1. Faoliyati temir yo‘l transporti sohasi bilan bog‘liq bo‘lgan davlat organlarida amalga oshiriladigan tekshiruvlar Inspeksiyaning “xavfni tahlil etish” tizimi natijalari, shu jumladan jismoniy va yuridik shaxslarning qonun hujjatlari buzilishi holatlari haqidagi murojaatlari hamda ommaviy axborot vositalaridan yoki boshqa tashqi manbalardan (ijtimoiy tarmoqlar, veb-saytlar) olingan ma’lumotlar asosida va xavf darajasidan kelib chiqqan holda ishlab chiqiladigan hamda inspeksiya boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadigan reja-jadval asosida tashkil etiladi.
  2. Tekshiruv o‘tkazishni boshlash uchun Inspeksiya boshlig‘ining belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan buyrug‘i asos bo‘lib xizmat qiladi.
  3. Tekshiruvlar natijasiga ko‘ra dalolatnoma rasmiylashtiriladi hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma beriladi.

 

2-§. Temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlarining o‘z tashabbusi bilan o‘tkaziladigan tekshiruvlarni tashkil etish tartibi

 

  1. Temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlarining o‘z tashabbusi bilan o‘tkaziladigan tekshiruvlar temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlari tomonidan faoliyatini tekshirib berish to‘g‘risidagi yozma murojaati asosida amalga oshiriladi.
  2. Temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlarining o‘z tashabbusi bilan o‘tkaziladigan tekshiruvlarni vakolatli organ bilan kelishish talab etilmaydi.
  3. Inspeksiyada tekshiruvni o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilingan kundan boshlab uch ish kuni ichida tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risida inspeksiya buyrug‘i qabul qilinadi.
  4. Temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlarining o‘z murojaatlariga asosan ularning temir yo‘l transporti sohasidagi infratuzilmasi, harakatdagi tarkiblari holati, shuningdek, umumiy foydalanishdagi temir yo‘l transporti tashkilotlari va korxonalarida qozonxona ob’ektlari va ko‘tarish inshootlaridan xavfsiz foydalanish holati to‘g‘risidagi inspeksiyada mavjud bo‘lgan ma’lumotlar o‘rganiladi va o‘rganish natijalari asosida tekshiruv dasturi ishlab chiqiladi va tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruqqa ilova qilinadi.
  5. Tekshiruvlar natijasiga ko‘ra dalolatnoma rasmiylashtiriladi hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma beriladi.

 

3-§. Vakolatli organ bilan kelishilgan holda o‘tkaziladigan tekshiruvlarni tashkil etish tartibi

 

  1. Inspeksiya quyidagi asoslar mavjud bo‘lganda:

jismoniy va yuridik shaxslarning qonun hujjatlari buzilishi holatlari haqidagi murojaatlari asosida;

inspeksiya tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkazilgan “xavfni tahlil etish” natijalari, shu jumladan ommaviy axborot vositalaridan yoki boshqa tashqi manbalardan (ijtimoiy tarmoqlar, veb-saytlar) olingan ma’lumotlar asosida vakolatli organga tekshiruv o‘tkazishni so‘rab murojaat qilishga haqli.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 27 iyuldagi

PF-5490-son Farmoni 2-ilovasida (bundan buyon matnda Xabardor etish tartibidagi tekshiruvlar ro‘yxati deb yuritiladi) nazarda tutilgan masalalar bo‘yicha murojaatlari asosida tekshiruvlarni o‘tkazish vakolatli organni xabardor etish tartibida amalga oshiriladi.

Agar jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida bir nechta masala ko‘rsatilib, ulardan kamida bittasi kelishish tartibida tekshiruv o‘tkazilishini talab etadigan bo‘lsa, tekshiruvlar vakolatli organ bilan kelishilgan holda o‘tkaziladi.

  1. Inspeksiya tomonidan tekshiruvlarni kelishish uchun murojaat qilishdan oldin jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarining anonim emasligi hamda tekshiruv o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan tadbirkorlik sub’ektining amalda faoliyat ko‘rsatayotganligi o‘rganib chiqilishi lozim.
  2. Tekshiruvlarni kelishish uchun inspeksiya tomonidan vakolatli organga buyurtma kiritiladi. Buyurtma inspeksiyaning Tahlil, ekspertiza va nazorat bo‘limi tomonidan mazkur Uslubiy ko‘rsatmalarning 2-ilovasiga muvofiq shaklda kiritiladi va unda quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi:

Inspeksiya nomi;

tekshiruv o‘tkaziladigan tadbirkorlik sub’ektining nomi (filiali yoki shoxobchasi), soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami, manzili;

tekshiruvni o‘tkazish uchun asos;

talablari buzilishi mumkin bo‘lgan normativ-huquqiy hujjat to‘g‘risida ma’lumot;

tekshiruv o‘tkazish muddati;

tekshiruv predmeti;

tekshiriladigan faoliyat davri.

  1. Tahlil, ekspertiza va nazorat bo‘limi tomonidan buyurtmaga jismoniy yoki yuridik shaxsning qonunbuzilish holatlari haqidagi murojaati nusxasi, “xavfni tahlil etish” natijalari, axborot vositalaridan yoki boshqa tashqi manbalar orqali aniqlangan qonunbuzilish holati bo‘yicha batafsil ma’lumot hamda tekshiruv dasturi ilova qilinadi.

Tekshiruv dasturi murojaatda ko‘rsatilgan holatlar, “xavfni tahlil etish” tizimi natijalari yoki axborot vositalari va boshqa tashqi manbalar orqali aniqlangan qonunbuzilishlar doirasida tuzilishi hamda inspeksiya rahbari tomonidan tasdiqlanishi shart.

  1. Buyurtma vakolatli organ tomonidan uch ish kunidan kechiktirmasdan ko‘rib chiqiladi hamda tekshiruvni o‘tkazish kelishilganligi yoki kelishishni rad etilganligi to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.

Temir yo‘l transportida favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishi, shu jumladan inson hayoti va sog‘ligining xavf ostida qolishi, atrof-muhit zararlanishi, jiddiy moddiy talofatlar kelib chiqishi hamda odamlarning hayot faoliyati sharoiti izdan chiqishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan holatlar bo‘yicha tekshiruvlarni kelishish to‘g‘risidagi buyurtmalar bir ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.

Tekshiruv o‘tkazish kelishilganligi yoki rad etilganligi to‘g‘risidagi qaror qabul qilingandan boshlab bir ish kunidan kechikmasdan Inspeksiyaga qaror to‘g‘risida bildiriladi.

  1. Tekshiruv o‘tkazish kelishilganligi to‘g‘risidagi qaror olingan kundan boshlab uch ish kuni ichida Inspeksiyaning tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘i qabul qilinadi.

 

4-§. Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish orqali vakolatli organni xabardor etish tartibida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni tashkil etish tartibi

 

  1. Xabardor etish tartibidagi tekshiruvlar ro‘yxatida belgilangan quyidagi tekshiruvlar Inspeksiya tomonidan vakolatli organni xabardor etish tartibida o‘tkaziladi:

yuk va yo‘lovchi tashishni tashkil etuvchi xo‘jaliklarda texnik vositalarning ishchi holatida tutish, ekspluatatsiya qilish va ta’minlash;

idoraviy temir yo‘llariga ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarida lokomotivlar, vagonlar, aloqa vositalari va signalizatsiya, elektr ta’minotining ishchi holatida tutilishini ta’minlash.

  1. Xabardor etish tartibidagi tekshiruvlar Inspeksiyaning tekshiruvni o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘i, shuningdek ma’lumotlar ishonchliligini tasdiqlovchi hujjatlar, tekshiruv o‘tkazish yuzasidan Inspeksiyaning tasdiqlangan reja-jadvali yoki tekshirish o‘tkazish uchun asos bo‘luvchi boshqa hujjatlar Yagona tizimga kiritilgandan so‘ng amalga oshiriladi.

Xabardor etish tartibidagi tekshiruvlar ro‘yxatida ko‘rsatilgan ikki yoki undan ortiq nazorat qiluvchi organ tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlar to‘g‘risida vakolatli organni xabardor qilish har bir organ tomonidan alohida amalga oshiriladi.

  1. Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida xabardor etish tartibidagi o‘tkaziladigan tekshiruvlar “xavfni tahlil etish” tizimi asosida o‘tkazilgan tahlillar natijasida ishlab chiqilgan reja-jadvalga muvofiq amalga oshiriladi.

Inspeksiyaning choraklik ishlab chiqiladigan tekshiruvlarni o‘tkazish

reja-jadvali Tahlil, ekspertiza va nazorat bo‘limi tomonidan har chorak boshlanishidan oldingi oyning 25 sanasigacha ishlab chiqiladi va inspeksiya boshlig‘iga tasdiqlash uchun kiritiladi.

3-bob. Tekshiruvlarni o‘tkazish

 Temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlari faoliyatini tekshirish Inspeksiyaning belgilangan tartibda attestatsiyadan o‘tgan mas’ul xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.

Temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlari faoliyatini tekshirishga kirishishiga mas’ul xodimlarda Inspeksiya buyrug‘ining ko‘chirma nusxasi, shuningdek mas’ul xodimlarning tekshiruvlar o‘tkazishga ruxsat berilganligi to‘g‘risidagi maxsus guvohnomasi hamda shaxsini tasdiqlovchi guvohnomasi bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi.

  1. Inspeksiya tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlarni boshlash uchun tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi inspeksiya buyrug‘i asos bo‘lib xizmat qiladi.

Buyruqda tekshiruv o‘tkazish uchun asos bo‘lgan hujjat nomi, raqami va sanasi, (vakolatli organ bilan kelishish orqali tadbirkorlik sub’ektlarida o‘tkaziladigan tekshirishlarda Yagona tizimdagi ro‘yxatga olish raqami), Inspeksiyaning tekshiruvda ishtirok etadigan mas’ul xodimlari tarkibi, tekshiriladigan temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlari nomi (filiali yoki shoxobchasi), soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami, manzili, tekshiruv maqsadi, muddati va tekshiriladigan faoliyat davri ko‘rsatiladi hamda tekshiruv dasturi ilova qilinadi.

  1. Inspeksiya boshlig‘ining buyrug‘i bilan tekshiruvlarni o‘tkazish inspeksiyaning markaziy apparati yoki hududiy filiallariga yuklanadi.

Inspeksiyaning muayyan bo‘limi yoki hududiy filiali tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvga uning boshqa bo‘limlari, hududiy filiallarining temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlari faoliyatini tekshirish huquqiga ega bo‘lgan xodimlari inspeksiya boshlig‘ining buyrug‘i bilan jalb etilishi mumkin.

  1. Inspeksiya tomonidan temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlarida o‘tkaziladigan tekshiruvlar amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan muddatlardan oshmasligi shart.
  2. Tekshiruv o‘tkazish jarayonida inspeksiyaning mas’ul xodimlari o‘z vakolatlari va tekshiruv dasturida belgilangan masalalar doirasidan chetga chiqmasligi lozim.
  3. Tekshiruv boshlanishidan oldin tekshiruvni amalga oshiruvchi mas’ul xodim tomonidan temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlarining vakolatli vakiliga uning tekshiruvda ishtirok etish uchun yuridik xizmat vakillarini va (yoki) advokatni jalb etish yoki ularning ishtirokini rad etish huquqi yozma shaklda tushuntirilib, bu haqda mazkur Uslubiy ko‘rsatmalarga 3-ilovada keltirilgan shaklda bayonnoma tuziladi. Bunda advokat xizmatlarini rad etganlik temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlari tomonidan advokatni tekshiruvning keyingi bosqichlarida jalb etish uchun monelik qilmaydi.

Tadbirkorlik sub’ektlari birlashmalarining a’zosi bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini tekshirishda ushbu tadbirkorlik sub’ekti so‘roviga ko‘ra mazkur birlashmalar vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining a’zosi bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektining faoliyatini tekshirishda esa palata vakillari ishtirok etishi mumkin.

Bundan tashqari, tekshiruv boshlanishidan oldin Inspeksiya mas’ul xodimi temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlari rahbarini (rahbarning vazifasini bajaruvchi shaxsni) tekshiruv maqsadi bilan tanishtiradi, unga o‘z xizmat guvohnomasi va tekshiruv o‘tkazish huquqini beruvchi maxsus guvohnomasini ko‘rsatadi (tadbirkorlik sub’ektlariga Yagona tizimga tekshiruvning unikal kodini kiritish orqali tekshiruvga doir ma’lumotlarni olish huquqini tushuntiradi), shuningdek tekshiruvni o‘tkazishga asos bo‘lgan hujjatlar nusxalarini tilxat olgan holda topshiradi.

Mazkur bandning birinchi va ikkinchi xatboshilarida nazarda tutilgan shaxslarning tekshiruvda ishtirok etish uchun yetib kelmasligi tekshiruv o‘tkazilishiga to‘sqinlik qilmaydi.

  1. Tekshiruv o‘tkazish uchun asos bo‘lgan hujjatlar nusxasi tekshirilayotgan temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlariga tilxat olingan holda topshirilgan kun tekshiruvni o‘tkazish boshlangan kun hisoblanadi.

Tekshirilayotgan temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlarining mazkur hujjatlarni olishdan bosh tortganligi tekshiruvni bekor qilish uchun asos bo‘lmaydi.

Tekshirilayotgan temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlari yuqoridagi hujjatlarni olishdan bosh tortgan taqdirda, bu haqda inspeksiyaning mas’ul xodimi tomonidan dalolatnoma tuziladi. Bunda dalolatnoma rasmiylashtirilgan kun tekshiruvni o‘tkazish boshlangan kun hisoblanadi.

  1. Inspeksiyaning mas’ul xodimlari temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlari tomonidan taqdim etilgan “Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobi”ni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda to‘ldirishi shart.

Texnik imkoniyat mavjud bo‘lganda majburiy tartibda “Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobi”ning elektron shakli to‘ldiriladi. Bunda qog‘oz shaklini to‘ldirish talab etilmaydi.

Tekshiruv natijalari to‘g‘risidagi dalolatnomaga “Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobi”ning to‘ldirilgan shakli (qog‘oz shakli to‘ldirilganda — elektron shakli to‘ldirilmaganligi sababi) yoki kitob taqdim etilmaganda — uning taqdim etilmaganligi to‘g‘risida tekshiruvchi tomonidan tegishli yozuv kiritiladi.

Inspeksiyaning mas’ul xodimlari “Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobi”ni to‘ldirishdan bosh tortgan taqdirda, temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlari tekshiruv o‘tkazilishiga yo‘l qo‘ymaslikka haqli.

  1. Tekshiruv bilan temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlarining bevosita tekshiruv o‘tkazish yilidan oldingi uch kalendar yildan ko‘p bo‘lmagan faoliyati qamrab olinishi mumkin. Bunda:

tekshiruv o‘tkazilayotgan kalendar yilning o‘tgan davri tekshirilishi mumkin;

tekshiruvni o‘tkazayotgan inspeksiya tomonidan ilgari tekshirilgan faoliyat davri bo‘yicha qayta tekshiruv o‘tkazilmaydi.

  1. Tekshiruvni belgilangan muddatda o‘tkazish imkoni bo‘lmagan hollarda, shuningdek tekshiruv boshlangandan keyin temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlari rahbari (rahbarning vazifasini bajaruvchi shaxs) tekshiruvda ishtirok eta olmagan, talab etilgan hujjatlar taqdim etilmagan yoki sohaviy mutaxassislar mavjud bo‘lmagan taqdirda, tekshiruv inspeksiya boshlig‘ining buyrug‘i asosida to‘xtatilishi mumkin.

Bunda, tadbirkorlik sub’ektlarida o‘tkaziladigan tekshiruvlar Inspeksiyaning asoslantirilgan murojaatiga ko‘ra vakolatli organning ruxsati bilan, davlat organlarida o‘tkaziladigan tekshiruvlar inspeksiya boshlig‘ining ruxsati bilan tekshiruv yoki uning qolgan muddati boshqa vaqtga ko‘chirilishi mumkin.

Muddati ko‘chirilgan tekshiruvni tekshiruv to‘xtatilgan oydan keyingi oyning so‘nggi kunidan kechiktirmasdan o‘tkazish ta’minlanishi lozim. Ushbu muddatda o‘tkazilmagan tekshiruv yakunlangan hisoblanadi.

Bunda tekshiruv o‘tkazish muddatini hisoblash ham to‘xtatiladi.

  1. Davlat organlarida amalga oshiriladigan tekshiruvlar hamda temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlarining tashabbusiga ko‘ra amalga oshiriladigan tekshiruvlarni o‘tkazish jarayonida o‘rganish lozim bo‘lgan qo‘shimcha holatlar aniqlangan taqdirda, tekshiruv muddati tekshirish o‘tkazish guruhi rahbarining asoslantirilgan murojaatiga ko‘ra Inspeksiya boshlig‘ining buyrug‘i bilan faqat bir marta, biroq tekshiruv belgilangan muddatdan oshmagan vaqtga uzaytirilishi mumkin.
  2. Tadbirkorlik sub’ektlarida o‘tkaziladigan tekshiruvlar jarayonida o‘rganish lozim bo‘lgan qo‘shimcha holatlar aniqlangan taqdirda, tekshiruv muddati inspeksiyaning asoslantirilgan murojaatiga ko‘ra vakolatli organ ruxsati bilan faqat bir marta, biroq tekshiruv kelishilgan muddatdan oshmagan vaqtga uzaytirilishi mumkin (masalan, olti kunga kelishilgan tekshiruvni uzaytirishda ko‘pi bilan yana olti kun qo‘shib berilishi mumkin).
  3. Tadbirkorlik sub’ektlarida tekshiruv muddatini ko‘chirish va uzaytirish tadbirkorlik sub’ektlarida tekshiruv o‘tkazishni kelishish uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
  4. Tekshiruvni temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlari ro‘yxatdan o‘tgan yoki faoliyat yuritayotgan manzilda o‘tkazish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlarining roziligi bilan tekshiruvni ushbu korxona yoki tashkilot ro‘yxatdan o‘tgan yoki faoliyat yuritayotgan hududdagi inspeksiya binosida o‘tkazish mumkin.
  5. Tekshiruvlar natijalari ushbu Uslubiy ko‘rsatmalarning 5-bobida belgilangan tartibda dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi va ro‘yxatga olinadi. Tekshiruv dalolatnomasi ikki nusxada tuziladi.

Bunda, tekshiruv dalolatnomasining nusxalari inspeksiyaning mas’ul xodimlari va temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlarining rahbari (rahbar vazifasini bajaruvchi shaxs) tomonidan imzolanadi hamda bir nusxasi temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlari rahbariga (rahbar vazifasini bajaruvchi shaxsga) uni olgan sanani ko‘rsatgan holda imzo qo‘ydirib topshiriladi.

  1. Tekshirilgan temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlari o‘tkazilgan tekshiruv natijasi bo‘yicha o‘z e’tirozlarini dalolatnomada yozma ravishda aks ettirishi mumkin.
  2. Tekshirilgan temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlar tekshiruv dalolatnomasini olishdan va (yoki) uni imzolashdan bosh tortganda, inspeksiyaning mas’ul xodimi bu haqda dalolatnomaga tegishli yozuv kiritadi va shu paytdan e’tiboran tekshiruv tugagan hisoblanadi.

Bu holda tekshiruv dalolatnomasining bir nusxasi u tuzilgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmasdan temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlariga pochta orqali buyurtma xat bilan yuboriladi.

  1. Tadbirkorlik sub’ektlarida o‘tkazilgan tekshiruv natijalari bo‘yicha tuzilgan dalolatnomada qayd etilgan qonunbuzilish holatlari to‘g‘risidagi xulosalar tekshiruv yakunlangandan so‘ng uch ish kuni ichida, tadbirkorlik sub’ektiga nisbatan qo‘llanilgan ta’sir choralari to‘g‘risidagi ma’lumotlar (yozma ko‘rsatma, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma, moliyaviy va iqtisodiy jarimalarni qo‘llash to‘g‘risida qarorlar, sud qarorlari) mazkur choralar qo‘llanilgandan so‘ng uch ish kunidan kechiktirmasdan Inspeksiya tomonidan Yagona tizimga kiritilishi lozim.

Tadbirkorlik sub’ektlarida o‘tkazilgan tekshiruvlar natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar Yagona tizimga Inspeksiyaning Tahlil, ekspertiza va nazorat bo‘limi tomonidan kiritiladi.

  1. Temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlarida o‘tkazilgan tekshiruv natijasi bo‘yicha inspeksiyaning mas’ul xodimlari tomonidan inspeksiya vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlari tomonidan dalolatnomada belgilangan (o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan) muddatlarda bartaraf etilishi va bu haqda Inspeksiyaga yozma ma’lumot taqdim etilishi shart.
  2. Temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlarining tekshiruv natijasi bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida Inspeksiyaga taqdim etgan ma’lumotlari inspeksiya tomonidan o‘rganib chiqiladi va o‘rganish natijalari to‘g‘risida temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlariga javob xati taqdim etiladi.

 

4-bob. Tekshirish ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari

 Inspeksiya mas’ul xodimlarining qonuniy talablari tekshirilayotgan temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlari tomonidan bajarilishi majburiydir.

Inspeksiya markaziy apparati va hududiy filiallarining mas’ul xodimlari temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlarida tekshirishlarni belgilangan tartibda o‘tkazish jarayonida quyidagi huquqlarga ega:

tekshirilayotgan temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlaridan tekshirish o‘tkazish bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan zarur hujjatlar va boshqa axborotlarni so‘rash va olish;

tekshirish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan zarur hujjatlardan nusxa olish (temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlari ta’sis hujjatlarining tegishli tarzda tasdiqlangan ko‘chirma nusxalari, temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlari yoki xodimlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar talablari buzilganligini tasdiqlovchi, faoliyatni cheklash, to‘xtatib turish va taqiqlash uchun asos bo‘ladigan dalillar (talabi buzilgan normativ-huquqiy hujjat yoki texnik jihatdan tartibga solishga oid normativ hujjat nusxasi, rasm, video tasvir va boshqalar));

tekshirilayotgan temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlariga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish;

tekshiruvga mutaxassislar va ekspertlarni belgilangan tartibda jalb etish;

aniqlangan qonun buzilishi holatlari bo‘yicha javobgar shaxsdan yozma va og‘zaki tushuntirishlar olish;

temir yo‘l transporti sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasiga oid normativ hujjatlar talablarining buzilishi aniqlanganda o‘z vakolati doirasida huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash.

Inspeksiyaning mas’ul xodimlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

  1. Inspeksiyaning:

rahbarlari tekshiruv o‘tkazishga ruxsat olish yoki vakolatli organni tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risida xabardor etish uchun taqdim etilgan ma’lumotlarning ishonchliligi va to‘liqligi uchun;

mas’ul xodimlari o‘z vakolatlari va nazorat sohasidan tashqari masalalar bo‘yicha har qanday tekshiruv o‘tkazilmasligi uchun javobgardir.

  1. Quyidagilar Inspeksiya markaziy apparati va hududiy filiallarining tekshirishlarni o‘tkazish jarayonidagi majburiyatlari hisoblanadi:

tekshirilayotgan temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlariga tekshirish o‘tkazish huquqini beruvchi zarur hujjatlarni ko‘rsatish;

temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlari ish faoliyatiga xalal bermaslik;

tekshirishlarni qayd etish daftarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda to‘ldirish;

davlat siri, tijorat yoki boshqa sirlar saqlanishini ta’minlash;

tekshirish tugagan kuni tekshirishlar natijalarini dalolatnoma bilan rasmiylashtirib, uning bir nusxasini tekshirilayotgan temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlarida qoldirish.

Inspeksiya mas’ul xodimlariga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklatilishi mumkin.

  1. Temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlari tekshirish jarayonida quyidagi huquqlarga ega:

o‘tkaziladigan tekshirish to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega bo‘lish;

Inspeksiyaning tekshirishga mas’ul xodimlaridan ularning xizmat guvohnomasini va tekshirishni o‘tkazishga asos bo‘ladigan hujjatlarni talab qilish;

tekshirishni o‘tkazishga asos bo‘ladigan hujjatlarni taqdim qilmagan shaxslarni tekshirish o‘tkazishga qo‘ymaslik;

tekshirishga mas’ul xodimlarning vakolatiga kirmaydigan masalalarga oid talablarini bajarmaslik va tekshirish predmetiga taalluqli bo‘lmagan materiallarni taqdim etmaslik;

tekshirish tugagan kuni tekshirishga mas’ul xodimlardan tekshirish natijalari to‘g‘risidagi dalolatnomaning nusxasini berishni talab qilish;

tekshiruvchilarning tekshirishga asos bo‘ladigan hujjatlarni taqdim etmaganligi, tekshirish natijalari to‘g‘risidagi dalolatnoma mazmunidan noroziligi va tekshiruvchilar tomonidan tekshirishga aloqador bo‘lmagan har qanday qo‘shimcha ko‘rsatmalar berilganligi yuzasidan yuqori turuvchi, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga va sudga shikoyat qilish.

Temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

  1. Quyidagilar temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlarining tekshirishlarni o‘tkazish jarayonidagi majburiyatlari hisoblanadi:

tekshirish o‘tkazish huquqini beruvchi zarur hujjatlarni taqdim etgan Inspeksiyaning mas’ul xodimlarini o‘z faoliyat hududiga kiritish;

Inspeksiyaning tekshirishga mas’ul xodimlarining qonuniy talabiga binoan tekshirish o‘tkazish bilan bog‘liq zarur hujjatlar va boshqa axborotlarni o‘z vaqtida taqdim etish;

tekshirish jarayoniga xalaqit bermaslik, tekshirishga mas’ul xodimlar tomonidan tekshirishni samarali o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan shart-sharoitlarni yaratish.

Temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlariga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklatilishi mumkin.

 

5-bob. O‘tkazilgan tekshirishlar natijasi bo‘yicha taqdim etiladigan hujjatlar va ularni rasmiylashtirish tartibi

 Inspeksiya tomonidan temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlarida o‘tkaziladigan tekshirishlar natijasi bo‘yicha aniqlangan qonun buzilishlari yuzasidan dalolatnoma (keyingi o‘rinlarda dalolatnoma deb ataladi) va Inspeksiya vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar (keyingi o‘rinlarda ko‘rsatmalar deb ataladi) rasmiylashtiriladi.

 

1-§. Dalolatnoma va uni rasmiylashtirish tartibi

 

  1. Tekshirishlar natijasida aniqlangan kamchiliklar dalolatnoma

bilan rasmiylashtiriladi. Tekshirish dalolatnomasi ikki nusxada tuziladi va Inspeksiyaning mas’ul xodimilari (tekshirish o‘tkazish yuzasidan tuzilgan guruh rahbari va a’zolari) hamda temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlarining rahbari (rahbar vazifasini bajaruvchi shaxs) tomonidan imzolanadi.

  1. Taraflar tomonidan imzolangan dalolatnomaning elektron shakli ro‘yxatga olish uchun Inspeksiya markaziy apparati elektron pochta manziliga jo‘natiladi.

Dalolatnoma inspeksiya markaziy apparatida (devonxona tomonidan) mazkur Uslubiy qo‘rsatmalarga 4-ilovada keltirilgan shakldagi dalolatnomalarni qayd qilish jurnalida ro‘yxatga olinadi. Mazkur ro‘yxat raqami dalolatnomalarga qayd etish uchun tekshirish guruhi rahbariga ma’lum qilinadi.

Guruh rahbari dalolatnomalarning har ikkala nusxasiga olingan raqamni qayd etadi.

  1. Raqamlangan va imzolangan dalolatnomalarning bir nusxasi temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlari rahbariga (rahbar vazifasini bajaruvchi shaxsga) dalolatnomaning bir nusxasini olganligini tasdiqlovchi yozuv bilan uni olgan sanani ko‘rsatgan holda imzo qo‘ydirib topshiriladi.

Ikkinchi nusxasi Inspeksiya markaziy apparatiga pochta orqali yetkaziladi.

  1. O‘tkazish muddati bir kun bo‘lgan tekshirishlar bo‘yicha dalolatnomalar tekshirish o‘tkazilgan kun, muddati bir kundan ortiq bo‘lgan tekshirishlar bo‘yicha esa tekshirish o‘tkazish muddatining oxirgi kunidan kechiktirmasdan rasmiylashtirilishi va imzolanishi shart.
  2. Mazkur Uslubiy ko‘rsatmalarga 5-ilovada keltirilgan shakldagi dalolatnomada quyidagilar ko‘rsatilishi lozim:

- dalolatnoma raqami;

- dalolatnoma tuzilgan sana va joy;

- Inspeksiyaning tekshirishni o‘tkazgan bo‘limi yoki hududiy filiali nomi;

- Inspeksiya rahbarining tekshirish o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruq sanasi va raqami;

- tekshirishni o‘tkazgan Inspeksiya mas’ul xodimlarining familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi;

- tekshirish o‘tkazilgan temir yo‘l transporti korxona va tashkiloti nomi, rahbari (rahbar vazifasini bajaruvchi shaxs), yoki vakolatli vakilining familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi, tekshirish davomida ishtirok etgan tadbirkorlik sub’ekti vakolatli vakilining familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi;

- tekshirish o‘tkazilgan sana, tekshirish muddati va joyi;

- tekshirish natijasida aniqlangan kamchiliklar, shu jumladan, aniqlangan kamchiliklarning texnik xususiyatlari va ularga qo‘yilgan talablar belgilangan normativ-huquqiy hujjatlar yoki texnik jihatdan tartibga solishga oid normativ hujjatlar nomi va bandi, ushbu huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar (lavozimga tayinlash to‘g‘risidagi buyruq, lavozim yo‘riqnomasi nusxalari);

- tekshirish o‘tkazilgan temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlarining imzolari, shuningdek, imzo bilan tasdiqlangan va sanasi ko‘rsatilgan, dalolatnoma bilan tanishganligi va bir nusxa olganligi yoki olishni rad etganligi haqidagi ma’lumotlar;

- tekshirishni o‘tkazgan Inspeksiya mas’ul xodimlarining imzolari.

 

2-§. Ko‘rsatmalar va ularni rasmiylashtirish tartibi

 

  1. Tekshirish dalolatnomasi bilan birga ko‘rsatma berilgan bo‘lsa ko‘rsatma blankasi rasmiylashtirib topshiriladi.

Ko‘rsatmalar, shakli belgilangan tartibda tasdiqlangan va qat’iy hisobda turadigan blankalarda rasmiylashitiriladi.

  1. Har bir ko‘rsatma o‘zining seriya va raqamiga ega bo‘ladi va tegishliligi bo‘yicha quyidagi tartibda raqamlanadi:

 

- Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat etish bo‘limiga tegishli ko‘rsatmalar – XB № 0001, 0002, 0003, ...;

- Toshkent hududiy filialiga tegishli ko‘rsatmalar – TF № 0001, 0002, 0003, ....;

- Farg‘ona hududiy filialiga tegishli ko‘rsatmalar – FF № 0001, 0002, 0003, ...;

- Buxoro hududiy filialiga tegishli ko‘rsatmalar – BF № 0001, 0002, 0003, ...;

 

- Orolbo‘yi hududiy filialiga tegishli ko‘rsatmalar – OF № 0001, 0002, 0003, ...;

- Qashqadaryo hududiy filialiga tegishli ko‘rsatmalar – QF № 0001, 0002, 0003, ...;

- Ko‘tarma inshootlar, bug‘ qozonlari va idishlardan xavfsiz foydalanishni nazorat qilish bo‘limiga tegishli ko‘rsatmalar – KB № 0001, 0002, 0003, ....

 

  1. Dalolatnomada ko‘rsatilgan kamchiliklar asosida ko‘rsatma blankasi to‘ldiriladi.
  2. Tekshiruv natijasi bo‘yicha Inspeksiya mas’ul xodimlari tomonidan rasmiylashtiriladigan ko‘rsatma bir xil raqamli ikki nusxadagi blankalarda to‘ldiriladi, birinchi nusxasi temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlari rahbariga kamchiliklarni bartaraf etish uchun imzo qo‘yilgan holda topshiriladi. Ikkinchi nusxasi dalolatnomaga biriktiriladi va Inspeksiyada saqlash va Yagona tizimga kiritish uchun dastlab elektron varianti va keyinchalik asli Inspeksiyaning markaziy apparatiga maxsus pochta orqali yetkaziladi.
  3. Ko‘rsatmalarni rasmiylashtirishda blankalardagi yozuvlarni o‘chirish, o‘chirib yozish va o‘zgartirish kiritish qat’iyan man etiladi.

 

3-§. Ko‘rsatma blankalarini qabul qilish va topshirish, hisobini yuritish hamda saqlash tartibi

 

  1. Ko‘rsatma blanklari Inspeksiya bosh buxgalteri tomonidan markaziy apparat bo‘limlari va hududiy filial boshliqlariga mazkur Uslubiy ko‘rsatmalarga 6-ilovada keltirilgan shakldagi ko‘rsatma blankalarini topshirish va qabul qilish qaydnomasiga, topshirilayotgan va qabul qilib olinayotgan ko‘rsatma blankalari soni, tartibi bo‘yicha birinchi va oxirgi ko‘rsatma blankalarining raqamlarini ko‘rsatib, imzo qo‘ydirgan holda topshiriladi. Ko‘rsatmalarni hisobga olish qaydnomasi ikki nusxada tuziladi, bitta nusxasi bosh buxgalterda, ikkinchi nusxasi blankalarni qabul qilib olgan bo‘lim yoki filial boshlig‘ida saqlanadi.
  2. Chiqim qilingan ko‘rsatma blankalari hisobi mazkur Uslubiy ko‘rsatmalarga 7-ilovada keltirilgan shakldagi ko‘rsatma blankalarini hisobga olish maxsus jurnalida (keyingi o‘rinlarda maxsus jurnal deb ataladi) yuritiladi. Maxsus jurnal raqamlangan, ipga o‘tkazilgan va bo‘lim yoki filial boshlig‘i imzosi bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim.

Maxsus jurnal bo‘lim va filial boshliqlari tomonidan yuritiladi, ushbu jurnalni to‘g‘ri yuritilishi uchun tegishli bo‘lim va filial boshliqlari shaxsan javobgar hisoblanadi.

  1. Tekshiruvga chiqishda olib ketilayotgan har bir ko‘rsatma blankalari to‘g‘risida maxsus jurnalga yozuv kiritiladi va ko‘rsatmalarning raqami ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Ro‘yxatdan o‘tkazilgan ko‘rsatma blankasi tekshiruv guruhi a’zolaridan biriga, jurnalga imzo qo‘ydirgan holda topshiriladi. Maxsus jurnalni yuritishda yozuvlarni o‘chirish va o‘zgartirish kiritish qat’iyan man etiladi.
  2. Ko‘rsatma blankalari va maxsus jurnallar bo‘lim va filial boshliqlarida saqlanadi va ularning but holda saqlanishi uchun bo‘lim va filial boshliqlari mas’uldirlar.

 

6-bob. Tekshiruv natijalariga ko‘ra temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlariga nisbatan huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash

 Temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlariga nisbatan huquqiy ta’sir choralari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda qo‘llaniladi.

Inspeksiya tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasiga ko‘ra aholining hayoti va sog‘lig‘i uchun haqiqiy xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bog‘liq holatlarda quyidagi huquqiy ta’sir choralari ko‘rsatmalar berish tartibida o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga qo‘llaniladi:

harakatdagi tarkib, temir yo‘l infrastrukturasidan, umumiy foydalanishdagi temir yo‘l transporti korxonalari va tashkilotlari qozonxona ob’ektlari, bosim ostida ishlovchi sig‘imlar, ko‘tarish inshootlari va o‘lchash tizimlaridan hamda temir yo‘l transportining boshqa texnik vositalaridan foydalanishni to‘xtatish;

temir yo‘l infrastrukturasida harakatlanish tezligini cheklash.

Bundan tashqari, Inspeksiya mahalliy va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha temir yo‘l transportida yo‘lovchilarni hamda yuklarni tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlari buzilishi aniqlanganda berilgan litsenziyalarni Transport vazirligi qarori bilan o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘xtatib turish yoki ularning amal qilishini tugatish va litsenziyalarni bekor qilish huquqiga ega.

  1. Temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlariga nisbatan quyidagi huquqiy ta’sir choralari faqat sud tartibida qo‘llaniladi:

faoliyatini tugatish;

atrof tabiiy muhitga zararli ta’sir ko‘rsatayotgan ob’ektlar faoliyatini tugatish va (yoki) qayta ixtisoslashtirish;

faoliyatni cheklash, to‘xtatib turish va taqiqlash, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sog‘lig‘i uchun boshqa haqiqiy xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bog‘liq holda faoliyatni o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga cheklash, to‘xtatib turish hollari mustasno;

mahalliy va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha temir yo‘l transportida yo‘lovchilarni hamda yuklarni tashish faoliyati bilan shug‘ullanish uchun berilgan litsenziyalarning amal qilishini o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lgan muddatga to‘xtatib turish yoki ularning amal qilishini tugatish va litsenziyalarni bekor qilish.

  1. Temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlari tekshiruv jarayonida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilganligi to‘g‘risida Inspeksiyaga belgilangan muddatda yozma ravishda ma’lumot taqdim etadi. Bunda taqdim etilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi, to‘liqligi va ishonchliligi uchun temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlari mansabdor shaxslari javobgar hisoblanadi.
  2. Temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlaridan tekshiruv jarayonida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilganligi haqida olingan ma’lumotga asosan Inspeksiyaning tekshiruvni o‘tkazgan bo‘limi yoki hududiy filiali tomonidan Inspeksiyaning o‘z vakolati doirasida qo‘llagan ta’sir choralarini bekor qilish to‘g‘risida temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlariga yozma ravishda xabar qilinadi.
  3. Temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlari tekshiruv jarayonida aniqlangan kamchiliklarni belgilangan muddatda bartaraf etmagan va (yoki) bartaraf etilganligi haqida Inspeksiyaga yozma ma’lumot taqdim etmagan taqdirda, Inspeksiya tomonidan Temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlariga nisbatan sud tartibidagi huquqiy ta’sir choralari qo‘llaniladi.
  4. Bunda, javobgar bilan nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibiga rioya etish maqsadida tekshiruvni amalga oshirgan bo‘lim yoki hududiy fililal tomonidan inspeksiyaning bosh yuriskonsulti bilan kelishilgan holda temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oldindan ogohlantiriladi.
  5. Sud tartibidagi huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash uchun Inspeksiyaning bosh buxgalteri hamda Tahlil, ekspertiza va nazorat bo‘limi tomonidan da’vo arizasiga ilova qilish uchun quyidagilarni:

1) belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji va pochta xarajatlari to‘langanligini;

2) da’vo arizasining ko‘chirma nusxasi va unga ilova qilingan hujjatlar javobgarga va uchinchi shaxslarga yuborilganligini;

3) javobgar bilan nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibiga rioya etilganligini, agar bu shu toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa;

4) da’vo talablariga asos bo‘lgan holatlarni;

5) Inspeksiyaning yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatlarni yuriskonsultga taqdim qiladi.

Shuningdek, tekshirish o‘tkazgan mas’ul xodim tomonidan:

1) javobgar temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlarining ta’sis hujjatlarining tegishli tarzda tasdiqlangan ko‘chirma nusxalari;

2) temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlari yoki ularning xodimlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar talablari buzilganligini tasdiqlovchi, faoliyatni cheklash, to‘xtatib turish va taqiqlash uchun asos bo‘ladigan dalillarni yuriskonsultga taqdim qilishlari shart.

  1. Inspeksiya bosh yuriskonsulti tomonidan sud tartibidagi huquqiy ta’sir chorasini qo‘llash yuzasidan sudga yozma shakldagi ariza rasmiylashtiriladi, unga taqdim etilgan tegishli hujjatlarni ilova qiladi va Inspeksiya boshlig‘iga imzolash uchun kiritiladi.
  2. Inspeksiya bosh yuriskonsulti sudga da’vo taqdim etganda javobgar temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlariga da’vo arizasining va unga ilova qilingan hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini yuborishi shart.

Da’vo arizasining va unga ilova qilingan hujjatlarning ko‘chirma nusxalari javobgar temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlariga axborot tizimi orqali elektron tarzda yuborilishi mumkin.

 7-bob. Tekshiruvlar hisob va hisobotini yuritish, natijalarini tahlil va monitoring qilish tartibi

 Tekshiruvlar hisob va hisobotini yuritish, natijalarini tahlil va monitoring qilish Inspeksiyaning Tahlil, ekspertiza va nazorat bo‘limi tomonidan amalga oshiriladi.

Inspeksiya tomonidan temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlarida o‘tkazilgan tekshirishlar bo‘yicha hujjatlar yig‘ma jildlari tekshiruvni amalga oshirgan bo‘lim yoki hududiy filial tomonidan Tahlil, ekspertiza va nazorat bo‘limiga taqdim etiladi va ushbu bo‘limda saqlanadi.

  1. Quyidagilar Tahlil, ekspertiza va nazorat bo‘limining tekshiruvlar hisob va hisobotini yuritish, natijalarini tahlil va monitoring qilish sohasidagi asosiy vazifalari hisoblanadi:

“xavfni tahlil etish” tizimi orqali Inspeksiya nazorat ostida bo‘lgan temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlarining temir yo‘l transportiga oid faoliyatining xavflilik darajasini tahlil etish va baholash;

“xavfni tahlil etish” tizimi natijalariga ko‘ra temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlarida Inspeksiya tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlarning choraklik (oylik) reja-jadvallarini ishlab chiqish va tasdiqlash uchun inspeksiya boshlig‘iga kiritish;

tasdiqlangan reja-jadvallarni tegishli bo‘limlar va hududiy filiallarga yetkazilishini ta’minlash;

temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlarida o‘tkaziladigan tekshiruvlar bo‘yicha dasturlar ishlab chiqilishini nazoratga olish;

xabardor etish tartibida o‘tkaziladigan tekshiruvlar buyruqlarining loyihalarini ishlab chiqish va tasdiqlash uchun kiritish;

kelishuv tartibida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni kelishish uchun vakolatli organga buyurtmalarni rasmiylashtirish va taqdim etish;

kelishuv tartibida o‘tkaziladigan tekshiruvlar yuzasidan vakolatli organning tekshiruv o‘tkazish kelishilganligi to‘g‘risidagi qarorini olgandan keyin uch ish kunida tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha inspeksiya buyrug‘i loyihasini ishlab chiqish va tasdiqlanishini ta’minlash;

tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarga oid ma’lumotlarni hamda tekshiruvlar tugagandan keyin tekshiruv natijalari bo‘yicha tegishli ma’lumotlarni belgilangan tartibda Yagona tizimga kiritish;

tekshirish natijalari bo‘yicha dalolatnoma va ko‘rsatmalarni yig‘ish, tahlil etish va saqlash;

Inspeksiya tomonidan o‘tkazilgan tekshirishlar hisobini yuritish, ularning natijalari bo‘yicha hisobotlarni shakllantirish va rahbariyatga taqdim etish;

tekshirilgan temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlarining temir yo‘l transportiga oid faoliyatidagi harakat xavfsizligi holatini o‘tkazilgan tekshirish natijalari tahlilidan kelib chiqqan holda baholash, harakat xavfsizligini ta’minlash holatini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish va muhokama qilish uchun Inspeksiya umumiy yig‘ilishlari kun tartibiga kiritish;

tekshirilgan temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlarining tekshirish natijalari bo‘yicha Inspeksiya tomonidan qo‘yilgan qonuniy talablar bajarilishini va tekshirish natijasida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilganligi yuzasidan Inspeksiyaga yozma ma’lumotlar taqdim etilishini monitoring qilish, ularning bajarilishi bo‘yicha ma’lumotlarni umumlashtirish va Inspeksiya boshlig‘iga (rahbariyatiga) kiritish;

Inspeksiya tomonidan sud tartibidagi huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash uchun tegishli hujjatlarni Inspeksiya bosh yuriskonsultiga topshirish.

  1. Tahlil, ekspertiza va nazorat bo‘limi tekshiruvlar hisob va hisobotini yuritish, natijalarini tahlil va monitoring qilish sohasidagi asosiy vazifalarini bajarishda quyidagi huquq va vakolatlarga ega:

temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlarining temir yo‘l transportiga oid faoliyatini “xavfni tahlil etish” tizimi orqali baholash uchun zarur ma’lumotlarni Inspeksiyaning tegishli bo‘limlari va hududiy filiallaridan so‘rash va olish;

temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlarida Inspeksiya tomonidan o‘tkaziladgan tekshiruvlarning to‘g‘ri o‘tkazilishini va tekshiruv natijalarini belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini monitoring qilish;

o‘tkazilgan tekshiruvlar natijalari bo‘yicha hujjatlarni tegishli bo‘limlar va hududiy filiallardan o‘z vaqtida taqdim etishlarini talab etish;

Inspeksiya tomonidan temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlariga nisbatan qo‘llanilgan huquqiy ta’sir choralari va ularning bajarilishi yuzasidan tegishli ma’lumotlarni Yagona tizimga kiritish uchun tekshirishlarni o‘tkazgan bo‘lim yoki hududiy filialdan so‘rash va olish;

temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlarida o‘tkaziladigan tekshiruvlar bo‘yicha dasturlarni o‘z vaqtida ishlab chiqilishi va taqdim etilishini talab etish.

  1. Tekshiruvni o‘tkazgan bo‘lim yoki hududiy filialning tekshiruvlar hisob va hisobotini yuritish, natijalarini tahlil va monitoring qilish sohasidagi majburiyatlari quyidagilardan iborat:

“xavfni tahlil etish” tizimi orqali Inspeksiya nazorat ostida bo‘lgan temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlarining temir yo‘l transportiga oida faoliyatining xavflilik darajasini tahlil etish va baholash uchun zarur ma’lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etish;

tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni kelishish va Yagona tizimga kiritish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etish;

temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlarida o‘tkaziladigan tekshiruvlar bo‘yicha dasturlarni o‘z vaqtida ishlab chiqish va taqdim etish;

temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlarida o‘tkaziladigan tekshiruvlar bo‘yicha dasturlarning to‘g‘riligi va to‘liqligini ta’minlash;

tekshiruv natijalari bo‘yicha rasmiylashtirilgan hujjatlarni belgilangan tartibda Tahlil, ekspertiza va nazorat bo‘limiga o‘z vaqtida taqdim etilishini ta’minlash;

 

tekshiruv natijalari bo‘yicha Inspeksiya tomonidan temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlariga nisbatan qo‘llanilgan huquqiy ta’sir choralarining tekshirilgan temir yo‘l transporti korxona va tashkilotlari tomonidan bajarilishini monitoring qilish, amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha tegishli ma’lumotlarni yig‘ish, umumlashtirish hamda Tahlil, ekspertiza va nazorat bo‘limiga o‘z vaqtida taqdim etish;

sud tartibidagi huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etish, ularning to‘g‘riligi, to‘liqligi va ishonchliligini ta’minlash.

  1. Tahlil, ekspertiza va nazorat bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida rasmiylashtirilgan dalolatnoma va ko‘rsatmalarda Inspeksiyaning o‘z vakolati doirasida qo‘yilgan talablarining bajarilishi doimiy monitoring qilinadi va monitoring natijalari yuzasidan Inspeksiya rahbariyatiga tahliliy hisobotlar taqdim etib boriladi. Mazkur hisobotlar muhokamasi Inspeksiyaning umumiy yig‘ilishliri kun tartibiga kiritiladi.

 8-bob. Yakuniy qoidalar

 Inspeksiyaning tekshiruvlarni o‘tkazish huquqiga ega mas’ul xodimlari tekshiruvlarni o‘tkazish va natijalarini rasmiylashtirish jarayonida tekshiruvlarni o‘tkazishga oid qonun hujjatlari va mazkur Uslubiy qo‘rsatmalar talablariga rioya etilishini, tekshiruv munosabati bilan o‘ziga ma’lum bo‘lgan tijorat siri, xizmat siri va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirlar, shuningdek oshkor etilmagan axborotlar muhofaza qilinishini ta’minlashi shart.

  1. Mazkur Uslubiy ko‘rsatmalar talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladilar.
18.12.2020