Huquqiy bilimlar mustahkamlanmoqda
O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Adliya vazirligi bilan hamkorlikda inspeksiya xodimlarining huquqiy ong va huquqiy madaniyatini shakllantirish maqsadida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib unga muvofiq muntazam ravishda o‘quv seminarlar tashkil etiladi. Navbatdagi tadbir Bosh qomusimiz va temir yo‘l sohasiga doir qator normativ hujjatlar muhokamasiga bag‘ishlandi. Konstitutsiya – huquq va erkinliklarimiz kafolati mavzusida o‘tkazilgan mazkur tadbirda inspeksiya markaziy apparati va Toshkent filiali xodimlari ishtirok etishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 26 yilligiga bag‘ishlab 2018 - yil 7 - dekabrda o‘tkazilgan tantanali marosimdagi ma’ruzasidan kelib chiqadigan vazifalarni amalga oshirish, jumladan huquqiy bilimlarini yanada mustahkamlash, qonunchilikdagi yangiliklardan batafsil xabardor etish maqsadida o‘tkazilgan seminar qiziqarli va shu bilan birga bahs-munozaralar ostida kechdi.
Dastlab, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat boshqarmasi bosh maslahatchisi G‘aybullo Primov Bosh qomusimizning yaratilish tarixidan boshlab to shu kungacha bosib o‘tilgan davr borasida batafsil to‘xtalib o‘tdi. Shundan so‘ng inspeksiya xodimlari ma’ruzachiga o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollar bilan murojaat qilishdi va aniq, tahliliy javoblarga ega bo‘lishdi.
Inspeksiyamizda xodimlar huquqiy bilimini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi, - deydi G.Jalolova. Har hafta muntazam ravishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berilishi yo‘lga qo‘yilgan. Bu bizning ish faoliyatimizda juda qo‘l keladi. Adliya vazirligi bilan hamkorlikdagi bugungi tadbirda ham o‘zimiz uchun ko‘plab kerakli ma’lumotlarga ega bo‘lganimizni alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Jumladan, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurash va uni oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijasi, shuningdek mazkur illatga oshno bo‘lganlarning achchiq qismati to‘g‘risida fikr almashildi.
Seminar yakunida bu kabi tadbirlar muntazam tashkil etilishi kelishib olindi.
Firdavs Xayriddinov
“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” davlat inspeksiyasi
Axborot xizmati boshlig‘i