Profilaktik tadbirlar kuchaytirilmoqda
Profilaktik tadbirlar kuchaytirilmoqda
Temir yo‘l kesishmasi avtotransport vositalari va piyodalar o‘tishi uchun xavfsiz va qulay bo‘lishi, doimo ishchi holatda saqlanishini lozim. Bu boradagi ishlar “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining boshqa filiallari qatori Qashqadaryo filiali tomonidan ham muntazam nazorat qilib borilmoqda. Poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida shahar va tumanlarda, avtomobil transporti serqatnov joylardagi temir va avtomobil yo‘llari kesishmalarida avtomatlashtirilgan shlagbaumlar, taqiqlovchi va ogohlantiruvchi belgilar o‘rnatilgan. Ushbu kesishma postlarida navbatchilar kechayu-kunduz xavfsizlikni ta’minlash maqsadida sergak xizmat qilishadi. Qashqadaryo viloyatining Qarshi-Kitob, Qarshi-Talimarjon yo‘nalishidagi temir yo‘l va avtomobil yo‘llaridagi qo‘riqlanuvchi kesishmalarning 50 foiziga zamonaviy videokuzatuv uskunalari o‘rnatilgan. Ushbu videokuzatuv tizimida tasvirga tushirilgan avtotransport haydovchilari tomonidan sodir etilayotgan qoidabuzarliklar belgilangan tartibda ro‘yxatga olinib, viloyat IIB YHX boshqarmasi xodimlari tomonidan tegishli ravishda ma’muriy javobgarlikka tortilyapti.
Qashqadaryo temir yo‘l ta’mirlash korxonasi 220,6 kilometr asosiy yo‘llarda, 10 stansiya va 3 raz’ezdda ish faoliyatini olib bormoqda. 10 ta qo‘riqlanmaydigan va 12 ta qo‘riqlanadigan jami 22 ta temir yo‘l kesishmasiga xizmat ko‘rsatiladi. Korxona yo‘l ustalari va muhandis xodimlari tomonidan temir yo‘l kesishmalarida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan to‘qnashuvlarning oldini olish maqsadida viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari bilan birgalikda avtoxo‘jaliklarda va mahallalarda, shuningdek, maktab o‘quvchilari o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, temir yo‘l atrofida yashovchi aholi tomonidan Qarshi-Buxoro va Qarshi-Samarqand yo‘nalishlarida chorva mollari qarovsiz holda qoldirilishi, yosh bolalar tomonidan poyezdlar g‘ildiragi ostiga tosh tashlanishi, vagonlarga uloqtirilishi hollariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida mahallalarda aholi o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot tadbirlari tashkil etilyapti. Shunga qaramay, temir yo‘l atrofiga chiqindilarni tashlab ketish, temir yo‘l izlari ustiga tosh qo‘yish kabi noxush holatlar hamon uchrab turibdi. Temir yo‘l sohasi rivojiga katta e’tibor berilayotgan bir vaqtda bunday salbiy holatlar kishining ta’bini buzmasdan qolmaydi. Binobarin, temir yo‘l hududi atrofida sodir etiladigan har qanday qoidabuzarlik kun kelib ayanchli hodisaga sabab bo‘lishi mumkinligini esdan chiqarmaslik kerak.
Olim Qurbonnazarov
“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Qashqadaryo filiali boshlig‘i