Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish marakazining ustavi tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi
Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish marakazining ustavi tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 - yil 1 - fevraldagi PF-5647-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi faoliyatini tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi (305-son. 12.04.2019 y.) qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazining ustavi tasdiqlandi.
Transport va logistikani rivojlantirish sohasida muammolarni tizimli asosda o‘rganishni ta’minlash va takliflarni ishlab chiqish Markaz faoliyatining asosiy maqsadlari hisoblanadi.
Markazning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan:
transport va logistika tizimini rivojlantirish muammolarini o‘rganish, respublikaning transport salohiyatidan foydalanish, muammolarini bartaraf etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;
xalqaro transport koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha takliflar tayyorlash, yo‘lovchi va yuk tashish transporti oqimlarini maqbullashtirish, xalqaro va mintaqaviy tranzitni rivojlantirish;
transport va yo‘l xo‘jaligi sohasida xavfsizlikni oshirish bo‘yicha takliflar tayyorlash, innovatsion texnologiyalar va intellektual transport tizimlarini joriy etish;
atrof muhitga zararli ta’sirni kamaytirish, resurslarni tejash va transportda ekologiyani yaxshilash bo‘yicha muammolarni o‘rganish va takliflar tayyorlash;
tizimli ravishda ilmiy-tadqiqot muassasalari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish bo‘yicha boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilish.
Shuningdek, hujjatda markaz faoliyatning asosiy funksiyalari, huquqlari, javobgarligi, faoliyatini tashkil etish va hisobot berish tartibi belgilab berildi.
Markazga O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va ozod etiladigan direktor boshchilik qiladi.
Direktorning O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va ozod etiladigan bir nafar o‘rinbosari bo‘ladi.