Temir yo‘llarda harakat xavfsizligiga amal qiling!
Ma’lumki, temir yo‘l transporti vositalari va poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash juda muhim vazifalardan hisoblanadi. Chunki bundagi birgina noto‘gri harakat yoki e’tiborsizlik insonlar hayotiga rahna solishi mumkin.
Ana shunday holatlarga yo`l qo`ymaslik hamda yurtimizda mart oyidagi bayramlarni betalafot o‘tkazish maqsadida joriy yilning fevral oyidan boshlab Qashqadaryo filiali xodimlari tomonidan 54 marotaba profilaktik tadbirlar o‘tkazildi. 200 nafardan ziyod fuqarolar ishtirok etgan tadbirlarda xavfsizlik talablari yana bir bor eslatib o‘tildi.
IIB YHX xodimlari bilan birgalikda temir yo`l kesishmalari va temir yo‘l atrofida yashovchi aholi o‘rtasida sodir etilishi mumkin bo‘lgan qoidabuzarliklar va ularning oqibatida ro‘y berayotgan ayanchli yo‘l transport hodisalari chuqur o‘rganilib, ularning takrorlanmasligini ta’minlash borasida tushuntirish berildi. O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalari asosida temir yo‘llarda fuqarolarning beparvolik oqibatida sodir etgan qilmishlari va temir yo‘l transporti tizimining benuqson harakatlanishiga keltirgan ziyonlari uchun jarimalar belgilanganligi haqida batafsil ma’lumot berildi. Temir yo‘lni belgilanmagan joylardan kesib o‘tish, chorva mollarini temir yo‘l atrofida boqish va o‘tkazish kabi хatti harakatlar, transport vositalari haydovchilarining kesishmadan o‘tish qoidalarini buzishi javobgarlikka sabab bo‘lishi borasida 7ta mahalla va 6ta ta’lim muassasasida 638 nafar aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari o‘tkazildi.
Bu kabi profilaktik tadbirlar filial miqyosida muntazam davom ettirilmoqda.
Olim Qurbonnazarov
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Qashqadaryo filiali boshlig‘i