Be careful when you cross the railroad!

 Afsuski,  ba’zi  haydovchilar  yo’l  harakati  xavfsizligi qoidalarini unutib, chorrahalarda ham tezlikni oshirib o’tadilar. Gap temir yo’l kesishmalari haqida bormoqda.           
       Toshguzar- Boysun- Qumqo’rg’on yangi temir yo’l liniyasida “Darband temir yo’l masofa” korxonasi hududiga qarashli Oqrabot-Boysun-Quduqli yo’nalishi bo’yicha 39 ta temir yo’l kesishmasi mavjud. Ularning hammasi avtomobil yo’llari bilan tutash. Bulardan 6 tasi qo’riqlanadigan temir yo’l kesishmasidir. Ana shu kesishmalarda har oyda har xil darajadagi qoidabuzarliklar sodir etilmoqda.

Poezd sostavi yaqinlashayotganligini bildiruvchi chiroqlar yonib turganiga qaramay, ba’zi haydovchilar “tezroq o’tib olay” degan maqsadda avtomobil (texnika)larini to’xtatmay, tez­likni oshirishmoqda. Masalan, joriy yilning 20 yanvarida Shurchi-Denov bekatlari oralig’idagi yo’l kesishmasida Shurchi tumani “Qo’shtegirmon” MFYda yashovchi fuqaro T.Azizov boshqaruvidagi avtomashina yo’lovchi poezdning harakatiga xavf solgan. Bu holatdan poezddagi fuqarolar va haydovchining o’ziga ziyon yetishi mumkin edi. 21 yanvarda Qumqo’rg’on-Oqjar bekatlari oralig’idagi qo’riqlanmaydigan temir yo’l kesish­masida S.Baniev tomonidan xuddi shunday qoidabuzarlik sodir etilgan. Bundan tashqari, ba’zi haydovchilar qo’riqlanadigan temir yo’l kesishmalarida shlagbaumlar tushirilganda ham poezd sostavi o’tishini kutmay, avtotransportlarini haydab ketish holati ro’y bermoqda. Afsuski, shoshqaloq haydovchilarning bu xildagi hatti-harakati baxtsiz hodisa bilan tugashi, tuzatib bo’lmaydigan talofat keltirishi hech gap emas.

“Darband temir yo’l masofa” korxonasi tomonidan qoidabuzar haydovchilarga chora ko’rish yuzasidan viloyat YHXBga ma’lumotlar yuborilmoqda. Yo’l hara­kati xavfsizligi hodimlari “shoshqaloq”  haydovchilarga  nisbatan  choralar  ko’rayapti.  Ammo baribir  qoidabuzarlik bo’lib turibdi.  Yo’l tasodiflarga to’la.  Hamisha hushyorlik zarur.

 

 Qashqadaryo filiali

boshlig`i

Qurbonazarov O.M.