Zamonaviy elektropoyezdlar – tezlik va sifat uyg‘unligi!

      2018 yil 7 sentyabr sanasidan boshlab Qarshi-Kitob temir yo‘l uchastkasida yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarining Shahrisabz shahrigacha muntazam qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Zamonaviy "Afrosiyob" tezyurar elektropoyezdi ana shu ikki shahar orasidagi 124 kilometr masofani odatdagidan ikki barobar tezroq bosib o‘tish imkonini bermoqda. Yo‘nalishda 47 ta ko‘prik, 14 ta temir yo‘l kesishmasi, 104 boshqa sun’iy inshootlar va 8 ta stansiya mavjud bo‘lib, shulardan “G‘uzor”, “Qamashi”, “Yakkabog‘” va “Kitob” stansiyalarida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sharoitlari yuqori darajada tashkil etilgan. 

       Ushbu liniyalarda harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi inspektorlari tomonidan muntazam profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda. "Kitob" va "G‘uzor" stansiyalarida poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida temir yo‘l atrofini panjaralar bilan o‘ralib, signallashtirish va telekommunikatsiya tizimlari modernizatsiya qilinmoqda. Shu bilan birga avtomobil transporti serqatnov qismidagi temir yo‘l va avtomobil yo‘llari kesishmalarida avtomatlashtirilgan shlagbaumlar, taqiqlovchi va ogohlantiruvchi belgilar o‘rnatilgan. Ushbu kesishma postlarida nazoratchi navbatchilar kechayu-kunduz xavfsizlikni ta’minlash maqsadida sergak xizmat qilishadi. Avtotransport haydovchilari tomonidan sodir etilayotgan har bir qoidabuzarlik belgilangan tartibda ro‘yxatga olinib, viloyat IIB YHX boshqarmasi bilan hamkorlikda ma’muriy javobgarlikka tortilyapti.

         Yuqori tezlikda harakatlanuvchi Qarshi-Kitob yo‘nalishidagi temir yo‘l atrofida yashovchi aholi tomonidan chorva mollari qarovsiz holda qoldirilishi, yosh bolalar tomonidan panjara to‘siqlari ustidan oshib o‘tilishlar, poyezdlar g‘ildiragi ostiga tosh tashlanishi, vagonlarga tosh uloqtirilishi hollariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida joriy yilning oktyabr oyida hududdagi 50 ta mahallada jami 550 nafardan ziyod aholiga, shuningdek, 21 ta maktab va kollejlarning 1400 nafar o‘quvchilari o‘rtasida Transportdagi ichki ishlari boshqarmasi hamda Qarshi harbiylashtirilgan qo‘riqlash otryadi hodimlari bilan birgalikda tushuntirish va targ‘ibot ishlari o‘tkazildi.

        Albatta, bularning barchasi, eng avvalo, xavfsizlikni ta’minlash va qoidalarga amal qilish maqsadida amalga oshrilmoqda. Ammo harakat xavfsizligini ta’minlash, ko‘ngilsiz holatlarni chetlab o‘tish har birimizdan alohida sergaklikni talab etadi. Zero, odatda arzimagandek tuyulgan kichik e’tiborsizlik natijasi fojeali yakunlanishi mumkinligini unutmasligimiz lozim. 

Olim Qurbonazarov 
“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” Qashqadaryo fililali boshlig‘i