Yoshlarning har bir taklifi inobatga olindi

Transport nazorati inspeksiyasi boshlig‘i J.Karimov yosh xodimlar bilan uchrashib, ularning taklif va mulohazalarini tingladi. “Rahbar va yoshlar” rukni ostidagi tadbirda inspeksiya rahbari mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, yoshlarga bo‘lgan e’tibor va ularni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning ilg‘or g‘oyalari, taklif va tashabbuslari bilan yaqindan tanishish, yoshlar bilan muntazam ravishda uchrashuvlar o‘tkazib borish zarurligini ta’kidladi.

Yoshlar orasida turli madaniy tadbirlarni ko‘paytirish, futbol, stol tennisi, shaxmat va shashka musobaqalari, zakovat o‘yinlarini o‘tkazish, musobaqalar g‘oliblarini rag‘batlantirish maqsadida qadimiy shaharlarimizdagi tarixiy obidalarga sayohatlar tashkil etish rejalashtirilgani barcha ishtirokchilarni birdek quvontirdi.

Shundan so‘ng yosh xodimlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan inspeksiyaga boshlig‘iga murojaat qilishdi, taklif va mulohazalari bilan o‘rtoqlashishdi. Markaziy apparat va hududiy bo‘limlarda faoliyat yuritgan yoshlar Nukus shahridagi I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Davlat san’at muzeyiga, G‘alaba bog‘iga sayohatlar uyushtirish, sport bilan shug‘ullanish uchun imkoniyatlarni kengaytirish, xorijiy tillarni o‘zlashtirish, OAV xodimlari bilan muloqotda zarur ko‘nikmalarni egallashda amaliy yordam berish kabi ko‘plab takliflarini bildirishdi.

Inspeksiya boshlig‘i bildirilgan barcha takliflar albatta inobatga olinishi, ya’ni hayotga tatbiq qilinishini ma’lum qilib, bu borada mas’ullarga tegishli ko‘rsatma berdi. Inspeksiya rahbariyati bilan yosh xodimlarning uchrashuvi yil davomida muntazam tashkil etishi belgilandi.