Tadbirkorlarga nazorat tadbirlari tartibi tushuntirildi
Trаnsport nаzorаt inspeksiyasi Yo‘l-qurilish ishlarini nazorat qilish Samarqand viloyat hududiy bo‘limi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil devonining Samarqand viloyati shoʻbasi, Savdo-sanoat palatasi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi hamda yo‘l qurilish faoliyati bilan shug’ullanuvchi tadbirkorlar ishtirokida o‘quv seminar o‘tkazildi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-184-sonli farmonining mazmun mohiyati, yo‘l qurilish jarayonidaa xavfni tahlil qilish tizimining tushunchalari va yo‘l qurilish ishlariga oid boshqa normativ hujjatlarni amaliyotda qo‘llash yuzasidan tadbirkorlarga tushuntirishlar berildi.
Farmonga muvofiq, tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olish orqali Biznes ombudsmanni xabardor etish tartibida amalga oshiriladi. “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimida tadbirkorlik subyektlari faoliyatida huquqbuzarlik sodir etish xavfi past, o‘rta va yuqori darajalarga tasniflanadi. Xavf darajasi o‘rta va yuqori bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarning oldini olishga qaratilgan profilaktika tadbirlar yoki tekshiruv o‘tkazilishi mumkinligi tushuntirildi.
Transport nazorati inspeksiyasi
Axborot xizmati