Milliy tilimiz - oliy qadriyat!
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligiga 31 yil to‘lishi munosabati bilan joylarda turli tadbirlar tashkil etilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida mazkur sana munosabati bilan davra suhbati o‘tkazildi. Unda Toshkent Davlat Transport universiteti katta o‘qituvchisi Shermatilla Yusupov, inspeksiya markaziy apparati va Toshkent filial xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirda bugungi kunda mamlakatimiz bo‘ylab ona tilimiz rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyati, uning nufuzi va mavqei borasida so‘z yuritildi. Shuningdek, o‘zbek tilshunosligi oldida turgan dolzarb masalalar, adabiy tilni asrash va rivojlantirish yo‘lida davlat va hukumat darajasida qaratilayotgan eʼtibor tilga olindi.
Taʼkidlanganidek, dunyoda 7000 ga yaqin til va lahjalar mavjud bo‘lib, o‘zbek tili ularning orasida o‘ziga xos o‘rin, tarix va kelajakka ega. Tilimizning rasman bayram qilib nishonlanadigan kuni ham bor. 2020 yil 10 aprel kuni Prezidentimiz tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonuni imzolandi. Unga muvofiq 21 oktyabr sanasi yurtimizda “O‘zbek tili bayrami kuni” deb belgilandi va keng nishonlanadi. Bularning barchasi tilimizga bo‘lgan eʼtibor va g‘amxo‘rlik samarasidir.
Til –ijtimoiy hodisa, - deydi Sh.Yusupov. Uni bir shaxs yoki guruh, uyushma, tashkilot, soha vakillari emas butun jamoatchilik, xalq ommasi ijtimoiy ehtiyojlari o‘laroq shakllantirilgan imkoniyati sifatida yuzaga keladi. Milliy tilimizni rivojlantirish, uning nufuzini yana-da oshirish borasida qiladigan ishimiz ko‘p. Eng avvalo, munosabatimizni tubdan o‘zgartirib, umumjamiyat, keng ommaning yuksak vatanparvarlik hamda fuqarolik burchi hisoblangan muqaddas tuyg‘ularni har birimizda ziynatlashimiz lozim. Bunda sohadan qatʼiy nazar har bir o‘zbekistonlik masalaga fuqarolik masʼuliyati, demokratik ong nuqtai nazaridan yondashsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Tadbir davomida inspeksiya xodimlari mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan ko`plab savollariga javob olishdi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati