Til bayrami ko‘tarinki ruhda davom etmoqda
21 oktabr – O‘zbek tiliga davlat maqomi berilgan kun sifatida mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda. Bayram munosabati bilan “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida ma’rifiy soat o‘tkazildi. Tadbirda o‘zbek tilining tarixi, buguni va kelajagi, maqomi to‘g‘risida so‘z yuritildi. Tilimiz taraqqiyoti yo‘lida bosib o‘tilgan yo‘l esga olindi. Til bilish afzalliklari va bu bilan bog‘liq qiziqarli voqealarga to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, Transport vazirligi tashabbusi bilan Adiblar xiyobonida “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim” shiori ostida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirda vazirlik tizimidagi tashkilotlar xodimlari, Transport universitetning Temir yo‘l transporti muhandisligi fakulteti professor-o‘qituvchilari va talabalari, ijodkor yoshlar, shoirlar hamda umumta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirok etdi. Tadbir davomida buyuk ajdodlarimizning g‘azal va she’rlaridan namunalar o‘qildi, savol-javoblar asosida ishtirokchilar o‘rtasida viktorina o‘tkazildi, g‘oliblarga badiiy kitoblar va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Tadbirga taklif etilgan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, taniqli shoir va yozuvchi Abdurazzoq Obro‘yning she’rlari, hajv va mutoyibaga boy parodiyalari barchaga birdek manzur bo‘lib, kechaga o‘zgacha zavq bag‘ishladi. Shoir tadbir yakunida yoshlarga dastxati tushirilgan kitoblarni sovg‘a qildi.
Til bayramiga bag‘ishlangan tadbirlar davom etmoqda.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati