Temir yo‘l kesishmalarida ehtiyot bo‘ling!
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi Farg‘ona hududiy filiali tomonidan “MUXAMMADALI BIZNES ZIYO” MChJ xodimlari ishtirokida seminar mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi. Unda temir yo‘l hududi, temir yo‘l kesishmalaridan o‘tish qoidalari hamda mazkur qoidalarga rioya qilmaslik oqibatlari tushuntirildi.
Vodiy viloyatlari temir yo‘llarida 2022 yilning 6 oyi mobaynida fuqarolarning ehtiyotsizligi oqibatida poezdlar bilan 4 marotaba to‘qnashuvlar yuz berib, insonlar hayoti fojiali yakunlandi. Temir yo‘l hududida yurganda ayrim yoshlarni telefon quloqchinlardan foydalanishlari, belgilanmagan joylardan yurishlari hamda temir yo‘l qoidalari talablariga rioya etmasliklari hayot va sog‘liqlarini katta xavf ostiga qoldirmoqda. Seminarda bu kabi holatlarga duch kelmaslik uchun qoidalarga qat’iy amal qilish lozimligi ta’kidlandi.
Temir yo‘lni kesib o‘tish vaqtida poezdlarni yaqinlashib kelmayotganligiga ishonch hosil qilgandan so‘ng harakatlanishni davom ettirish, kesib o‘tish to‘g‘ri burchak ostida bo‘lishi, o‘tish joylarida rels ustiga oyoq qo‘ymasdan harakatlanish, strelka o‘tkazgichi ustida oyoq bilan turmaslik, to‘xtab turgan vagonlar tagidan o‘tish taqiqlanganligi tushuntirildi. Stansiyalarda elektrovoz, teplovozlar to‘xtab turganda ularni oldi yoki orqasidan o‘tayotganda kamida 5 metr, 2 ta vagonlar orasidan kamida 10 metr oraliq masofa bo‘lishi shart. Temir yo‘llarni faqat belgilangan joylardan kesib o‘tish talab etiladi.
Bundan tashqari temir yo‘l bo‘ylab yangi kontakt tarmog‘i liniyasi qurilgan bo‘lib, elektropoezdlar harakatlanishi uchun tarmoqda 27,5 kV elektr kuchlanishi mavjud. Ushbu kontakt tarmog‘i simlari 5675sm - 6800 sm balandlikda hamda undan yuqori kuchlanishli elektr toki oqib o‘tishi natijasida ushbu liniya bo‘ylab elektr magnit maydoni hosil bo‘ladi va o‘z o‘zidan shu liniyaga yaqin bo‘lgan barcha metall qurilmalarda singdiriladi. Shu bois barcha fuqarolar temir yo‘llarda ehtiyot bo‘lishlari, har xil metall konstruksiya va jihozlarga qo‘l tekkizmaslik tavsiya etildi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tmoqchimiz, temir yo‘ldan ot-arava haydab o‘tish va chorva mollarni haydab o‘tish, chorva mollarni temir yo‘l yaqinida boqish qoidalarini buzish O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalariga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati