Xotira — abadiy, qadr — muqaddas!
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi rahbariyati va kasaba uyushma qo‘mitasi tashabbusi bilan vazirlik va uning tizim tashkilotlari xodimlari G‘alaba bog‘iga tashrif buyurishdi. 9-may umumxalq bayrami — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan tashkil etilgan madaniy tadbir davomida xodimlar Vatanimiz va Vatan yo‘lida qahramonlarcha halok bo‘lgan ajdodlarimiz haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
Bog` ichida joylashgan “Shon-sharaf” va “Vokzal” davlat muzeylarida front va front oldi hududlariga oid fotosuratlar, O‘zbekiston, Rossiya, Belorus va boshqa hamdo‘stlik davlatlari arxividan keltirilgan hujjatlar, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat faxriylarining xotiralari, O‘zbekiston xalqining jang maydonlaridagi jasorati va front ortidagi fidokorona mashaqqatli mehnati, urush yillarida O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan minglab insonlar, yetim-bolalarga nisbatan ko‘rsatilgan yuksak insonparvarlik, bag‘rikenglik va fidoyiligi aks ettirilgan bebaho, nodir materiallar o‘rin olgan. Har bir eksponatni ko‘rgan inson mash’um voqealarni ko‘z oldiga qisman gavdalantirib, bugungidek tinch, osoyishta hayotiga behad shukr qiladi.
Vazirlik xodimlari Birinchi o‘zbek parashyutchi qizi va birinchi o‘zbek ayol mashinisti Bashorat Mirboboeva, insonparvarlikning yuksak namunasini ko‘rsatgan - Shomahmudovlar oilasi, Ikkinchi jahon urushida qahramonlarcha halok bo‘lgan hamyurtlarimiz va ular ko‘rsatgan qahramonliklari haqida ko‘plab muhim ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. 9-may umumxalq bayrami munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlar davom etmoqda.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati