Murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi

MUROJAATLARNI KO‘RIB  CHIQISH

TARTIBI

Mazkur Tartib, O‘zbekiston Respublikasining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 15-dekabrdagi 668-son qarori bilan tasdiqlangan Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorat inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda Transport nazorat inspeksiyasi deb yuritiladi) Nizomi talablari asosida ishlab chiqilgan.

Jismoniy va yuridik shaxslar shuningdek, avtomobil, temir yo‘l, suv, elektr transporti, metropoliten va yo‘l xo‘jaligi foydalanuvchilari tomonidan kelib tushgan murojaatlar (keyingi o‘rinlarda Murojaat deb yuritiladi) Transport nazorat inspeksiyasi jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i (keyingi o‘rinlarda Masʼul shaxs deb yuritiladi) tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro‘yxatga olinadi.

Transport nazorat inspeksiyasi rahbari yoki bunga vakolat berilgan boshqa mansabdor shaxsning sayyor shaxsiy qabullari shuningdek ommaviy qabullar vaqtida tushgan va joyida hal etilgan og‘zaki murojaatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish talab qilinmaydi. Bunda, jismoniy shaxsning yoki yuridik shaxs vakilining familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to‘g‘risidagi maʼlumotlar, murojaatning qisqacha mazmuni, shuningdek, uni ko‘rib chiqish natijasi ommaviy qabul bayonnomasida ko‘rsatiladi.

Murojaat og‘zaki, yozma, yoxud elektron shaklda - ariza, taklif va shikoyat shaklida bo‘lishi mumkin, ularning shaklidan va turidan qatʼiy nazar, bir xil ahamiyatga ega bo‘ladi.

Ro‘yxatga olingan murojaat, Transport nazorat inspeksiyasi boshlig‘ining buyrug‘i bilan mazkur vazifaga vakolat berilgan boshliq o‘rinbosarining (keyingi o‘rinlarda Vakolatli shaxs deb yuritiladi) topshirig‘i (vizasi) bilan muddatlari aniq ko‘rsatilib, tegishliligi bo‘yicha markaziy apparat yoki hududiy bo‘linma rahbariga Masʼul shaxs tomonidan yetkaziladi.

Kelib tushgan murojaat, tegishli bo‘linma rahbari yoki bo‘linma mutaxassisi (keyingi o‘rinlarda Ijrochi shaxs deb yuritiladi) tomonidan murojaatda qayd etilgan masalalar xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatiga daxldor bo‘lsa, ularning vakillarini jalb etgan xolda ko‘rib chiqiladi. Agar murojaatni, murojaat qilgan shaxsning ishtirokisiz ko‘rib chiqishning imkoniyati bo‘lsa, uning ishtirokisiz ko‘rib chiqish mumkin.

Murojaatni ko‘rib chiqishda tadbirkorlik subyektlarning faoliyatini tekshirish, zarurati yuzaga kelgan hollarda Transport nazorat inspeksiyasi faoliyatida qonun hujjatlariga muvofiq tasdiqlangan “Xavfni tahlil qilish” tizimiga muvofiq taʼminlanadi. Shuningdek, huquq-tartibot organlarning mutaxassis ajratish to‘g‘risida qilgan murojaatlarida shunday hollar mavjud bo‘lganda, bular ham, shu tartibda ko‘rib chiqiladi.

Transport nazorat inspeksiyasi xodimi tomonidan intizomiy qilmish sodir etilganligi faktini, uning sodir etilishida aybini, intizomiy qilmish sodir etilishiga imkon bergan sabablar va shart-sharoitlarni, inspeksiyaga yetkazilishi mumkin bo‘lgan moddiy zararning xususiyati va miqdorini aniqlash qonun talablariga rioya etilishini taʼminlash yuzasidan Inspeksiyaning 2023-yil 25-dekabrdagi “Xizmat tekshiruvini o‘tkazish Tartibi”ga rioya etgan holda ko‘rib chiqiladi.

Murojaat kelib tushgan kundan eʼtiboran o‘n besh kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa, bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, murojaatni ko‘rib chiqish uchun tekshirish o‘tkazish, qo‘shimcha materiallarni so‘rab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda, uni ko‘rib chiqish muddatlari Vakolatli shaxs tomonidan istisno tariqasida uzog‘i bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi.

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha ishlarni O‘zbekiston Respublikasining «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 7 maydagi 341-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat organlarida, davlat muassasalarida va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizomga muvofiq samarali tashkil etish, jamoatchilik bilan bevosita va ochiq muloqot o‘rnatish, shaxsiy qabullarni muntazam ravishda o‘tkazish, shu jumladan, jismoniy va yuridik shaxslarning vakillarini joylarga borib, belgilangan muddatda va tartibda qabul qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlikni, ularning faoliyatida Inspeksiya xodimlari va rahbarlarining faol ishtirok etishini tashkil etish, jismoniy va yuridik shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasidan tushgan murojaatlari o‘z vaqtida va to‘liq ko‘rib chiqilishini taʼminlash;

Transport nazorat inspeksiyasiga oid masalalar ko‘rsatilgan murojaat kelib tushgan hollarda mazkur tartibning 9-bandiga muvofiq dalolatnoma rasmiylashtiriladi:

  • ijrochi shaxs tomonidan joyiga chiqib o‘rganish o‘tkaziladi, murojaatda keltirilgan masala holatini o‘rganish natijasida fuqaro ishtirokida o‘rganiladi hamda fuqarodan munosabat xati olinadi.
  • fuqaro ishtirok etishni istamagan taqdirda mahalla fuqarolar yig‘ini raisi ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtiriladi;

        Quyidagi murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi:

  • anonim bo‘lgan, jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to‘g‘risidagi maʼlumotlar yoki yuridik shaxsning to‘liq nomi, uning joylashgan manzili (pochta manzili, INN) to‘g‘risidagi maʼlumotlar ko‘rsatilmagan yoxud ular haqida yolg‘on maʼlumotlar ko‘rsatilgan murojaat, shuningdek uni identifikatsiya qilish imkoniyatini bermaydigan elektron murojaat yoxud imzo bilan tasdiqlanmagan yozma murojaat;
  • murojaat qilgan shaxsning ishtirokisiz murojaatni ko‘rib chiqishning imkoniyati bo‘lmaganda, murojaatchi chaqirilganda kelmagan taqdirda;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlar, ularning vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda;

Yuqoridagilar asosida murojaat ko‘rilmay qoldirilganda, Ijrochi shaxs va Masʼul shaxs tomonidan tegishli xulosa tuziladi hamda Vakolatli shaxs tomonidan tasdiqlanadi va shu to‘g‘risida murojaat qiluvchi tegishli tartibda xabardor qilinadi.

Murojaatda qo‘yilgan masalalarni hal etish Transport nazorat inspeksiyasi vakolati doirasiga kirmaydigan hollarda, kelib tushgan murojaatlar besh kun muddatdan kechiktirmay, Ijrochi shaxs va Masʼul shaxs taklifiga asosan Vakolatli shaxs tomonidan imzolangan xat bilan tegishli organlarga yuboriladi, bu haqda murojaat qiluvchiga yozma yoxud elektron shaklda xabar qilinadi.

Agar murojaatda uni tegishli organlarga yuborish uchun zarur bo‘lgan maʼlumotlar mavjud bo‘lmasa, u holda ular besh kun muddatdan kechiktirmay asoslantirilgan tushuntirish bilan murojaat qiluvchiga

        Murojaatga quyidagi tartib javob beriladi 

  • murojaatni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha Ijrochi shaxs tomonidan rasmiylashtirilgan hujjatlar ilova qilgan xolda fuqaroga javob xati tayyorlab edo.ijro.uz tizimiga kelishish uchun kiritiladi. Masʼul shaxs tomonidan fuqaroga yozilgan javob xati ko‘rib chiqiladi va kelishib beradi.   Vakolatli shaxsning imzosi bilan murojaat qiluvchiga yozma yoki elektron shaklda xabar qilinadi;
  • jamoaviy murojaatlarga javob, agar murojaatda javobni boshqa shaxsga yuborish talab etilmagan bo‘lsa, murojaat qiluvchilarning ro‘yxatida birinchi ko‘rsatilgan shaxsga yuboriladi;
  • murojaatga javob mumkin qadar murojaat etilgan tilda bayon qilinadi, javoblar murojaatda ko‘rsatilgan har bir masala bo‘yicha vajlarni inkor etuvchi yoki tasdiqlovchi aniq asoslarni (zaruratga qarab normalarga havolalar qilingan holda)o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak;
  • murojaat, agar unda qo‘yilgan barcha masalalar ushbu Tartib talablariga muvofiq ko‘rib chiqilgan va murojaat qiluvchiga tegishli javob yuborilgan taqdirda, ko‘rib chiqilgan hisoblanadi hamda vakolatli shaxs tomonidan nazoratdan chiqariladi.

Mazkur tartib talablari bajarilishi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 15.12.2023 yildagi 668-son qarori bilan tasdiqlangan Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorat inspeksiyasi nizomining 4-bandiga muvofiq taʼminlanadi.

Ushbu Tartibga qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritish Transport nazorat inspeksiyasi boshlig‘ining buyrug‘i bilan amalga oshiriladi.