Qoidabuzarlarga javobgarlik jiddiy!

 


              Mamlakatimiz temir yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish jarayonida xavfsizlik tizimini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shunga qaramasdan, ayrim joylarda devor va panjara to‘siqlarni buzgan holda o‘zboshimchalik bilan o‘tish yo‘llari ochish, temir yo‘l izlariga hal xil ashyolar qo‘yish, chiqindilar tashlash, temir yo‘l atrofidagi muhofaza yerlarini o‘zlashtirish, chorva mollarini boqish, poyezdlarga tosh otish, signalizatsiya va aloqa vositalariga shikast yetkazish kabi salbiy holatlar uchramoqda. Bu esa poyezdlarning harakatiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda.

            

               Ta’kidlash joizki, temir yo‘l transportida harakat xavfsizligini buzish, transport vositalariga shikast yetkazish va boshqa qonunbuzarliklar sodir etish O‘zbekiston Respublikasining me’yoriy-huquqiy hujjatlariga asosan javobgarlikka sabab bo‘ladi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksiga ko‘ra, temir yo‘l transportida sodir etilgan yuqoridagi kabi huquqbuzarliklar uchun eng kam oylik ish haqining o‘n baravarigacha, 47-moddasiga ko‘ra ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan, voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishga olib kelishi eng kam oylik ish haqining uch baravarigacha jarimaga tortilishi belgilangan.

           

                 Shuningdek, temir yo‘l transporti vositalari, aloqa yo‘llari, ulardagi inshoot va signalizatsiya qurilmalari, aloqa va boshqa transport uskunalarini qasddan buzish, ularga shikast yetkazish yoxud ulardan boshqa usulda foydalanish uchun yaroqsiz holatga keltirish badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazishga sabab bo‘lsa, qonunbuzarliklar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoiy javobgarlikka tortiladi.


M.Muxammedov
“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Buxoro filiali inspektori