“Hovos” vagon deposidagi seminar qanday o‘tdi?
Temir yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlanishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi xodimlarining asosiy faoliyatlaridan biri profilaktik tadbirlar hisoblanadi. Mazkur tadbirlarda harakat xavfsizligiga tahdid soluvchi holatlar oldindan baratarf etish choralari ko‘riladi, shuningdek, temir yo‘l transporti xodimlari bilim va malakalarini mustahkamlab olish imkoniga ega bo‘lishadi.
“O‘zvagonta’mir” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi “Xovos” yuk vagonlarini ta’mirlash deposida inspeksiyaning temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Alisher Narxadjayev boshchiligida seminar mashg‘uloti o‘tkazildi. Unda harakat xavfsizligini ta’minlashda yo‘l qo‘yilgan kamchilik va nuqsonlar sabablari o‘rganildi, atroflicha tahlil qilindi hamda mazkur holatga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Ta’mirdan chiqqan vagonlar o‘rnatilgan tartibda texnik ko‘rikdan o‘tkazildi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun aniq ko‘rsatmalar berildi. Korxonadagi har bir sex faoliyati bo‘yicha normativ hujjatlar bajarilishi tartibi tushuntirildi.
- Bugungi seminar barchamiz uchun nihoyatda muhim va foydali bo‘ldi, - deydi “Xovos” yuk vagonlarini ta’mirlash deposi boshlig‘i Mirqobil Mirsagatov. Xodimlarga normativ hujjatlar talablari, mazmun-mohiyati, ularni amaliyotda qo‘llash bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Inspektorlarning tavsiyalariga amal qilish orqali, ish faoliyatimizdagi kamchiliklarni bartaraf etamiz.
Shuningdek, inspektorlar tomonidan vagon xo‘jaligi, yo‘l xo‘jaligi va tashishlarni tashkil etish xo‘jaligiga mas’ul xodimlarga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar joyida ko‘rsatib o‘tildi va kelajakda bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun qoidalarga rioya etish lozimligi tavsiya etildi.
“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Axborot xizmati