Xavfsizlikga amal qilib, xayotingizni asrang!
Yuqori tezlikda harakatlanuvchi temir yo‘l uchastkasida poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi xodimlarining asosiy vazifalaridan sanaladi. Xususan, zamonaviy "Afrosiyob" elektropoyezdining "Toshkent-Samarqand-Qarshi" yo‘nalishining Samarqand shahridan Qarshi shahrigacha bo‘lgan masofadagi temir yo‘l izlari doimiy rekonstruksiya qilinyapti. Shuningdek, “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi Qashqadaryo filiali xodimlari tomonidan harakat xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning hayoti va sog‘lig`ini saqlash, ularning baxtsiz hodisalarga uchrashining oldini olish maqsadida muntazam ravishda nazorat qilinib kelinmoqda. Hozirda fuqarolarimizning temir yo‘ldan o‘tishlari uchun temir yo‘l bekatlarida maxsus ko‘priklar, ma’lum uchastkalarda esa «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatiga qarashli Harbiylashtirilgan qo‘riqlash boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘riqlanadigan maxsus o‘tish yo‘laklari tashkil etilgan.
Shunga qaramasdan, ayrim fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan temir yo‘l atrofidagi muhofaza yerlari egallab olinayotganligi, temir yo‘llarga har xil chiqindilar tashlanayotganligi, temir yo‘lning belgilanmagan joylaridan kesib o‘tishlari, o‘rnatilgan to‘siqlarni buzib, o‘zboshimchalik bilan o‘tish yo‘llarini ochish, temir yo‘l atrofida chorva mollari boqish, qorovul budkalari va vagonlarga tosh otish, temir yo‘l izlariga har xil ashyolar qo‘yish, temir yo‘l signalizatsiya va aloqa vositalariga shikast yetkazish kabi holatlar sodir etilmoqda. Ushbu holatlar o‘z navbatida temir yo‘l tizimida harakat xavfsizligi talablarining ta’minlanishiga daxl qilib, davlat va jamiyat manfaatlari hamda fuqarolarning hayoti va sog‘ligiga tahdid solmoqda.
Bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida aholi o‘rtasida muntazam ravishda profilaktik tadbirlar tashkil etilyapti. Joriy yilning noyabr oyida temir yo‘l atrofida joylashgan 30 ta mahalla, 24 ta ta’lim muassasalari jami 1055 nafar aholi o‘rtasida Transportdagi ichki ishlar hamda Qarshi harbiylashtirilgan qo‘riqlash otryadi xodimlari bilan birgalikda temir yo‘l xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan tushuntirish ishlari olib borildi.
Barchamiz vakolat doiramizdan, xizmat vazifamizdan hamda fuqarolik burchimizdan kelib chiqib, har bir tuman, shahar va mahalla hududidan o‘tuvchi temir yo‘lda poyezdlarning harakat xavfsizligini ta’minlashda munosib ulushimizni qo‘shishimiz maqsadga muvofiq bo`lar edi.
O.Qurbonnazarov
“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Qashqadaryo filiali boshlig‘i