Temir yo‘llarda harakatlanishda xavfsizlikka e’tiborli bo‘laylik
Katta hajmdagi yuklarni tashish, fuqarolarga xavfsiz va sifatli transport xizmati ko‘rsatishda temir yo‘llar muhim ahamiyatga ega. Ta’kidlash joiz, mustaqillik yillarida barcha sohalarda bo‘lgani kabi mamlakatimiz temir yo‘l tizimida ham tub islohotlar amalga oshirildi.
Buning natijasini birgina Qashqadaryo viloyati misolida ham ko‘rish mumkin. O‘tgan davrda viloyatda ko‘plab yangi temir yo‘l liniyalari ishga tushirildi. Xususan, "asr qurilishi" deya nom olgan "Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on" temir yo‘lining barpo etilishi shularga misol. Hozirda “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inpeksiyasi Qashqadaryo filiali inspektorlari tomonidan muntazam ravishda harakat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha nazorat tadbirlari olib borilmoqda. Bu esa yo‘lovchilar va yuklarning temir yo‘llarimizda ishonchli, sifatli yetkazilishini ta’minlaydi. Shu maqsadda 2018 yil davomida filial boshlig‘i va xodimlari tomonidan 873 marotaba profilaktik tadbirlar o‘tkazildi. Unda jami 240 nafardan ziyod fuqarolar ishtirok etishdi.
Shu bilan birga “O‘zdavtemiyo‘lnazorat” inspeksiyasi Qashqadaryo filiali inspektorlari tomonidan temir yo‘l kesishmalarida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan to‘qnashuvlarning oldini olish maqsadida viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari bilan birgalikda 5ta ta’lim muassasalarida tushuntirish ishlari olib borildi. Temir yo‘l atrofida yashovchi aholi tomonidan Qarshi-Samarqand yo‘nalishida chorva mollari qarovsiz holda qoldirilishi, yosh bolalar tomonidan poyezdlar g‘ildiragi ostiga turli buyumlar qo`yilishi, vagonlarga tosh uloqtirish hollariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida mahallalarda istiqomat qiluvchi aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari o‘tkazildi. Ammo, temir yo‘l atrofida chiqindilarni tashlab ketish, temir yo‘l izlari ustiga tosh qo‘yish va vagonlarga tosh uloqtirish hollari hamon uchrab turibdi. Temir yo‘l sohasi rivojiga katta e’tibor berilayotgan bir paytda bunday salbiy holatlar kishining ta’bini buzmasdan qolmaydi.
Xususan temir yo‘l hududidagi mahalla oqsoqollari va faollari tomonidan aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish, ularni qat’iy intizomga chaqirish foydadan xoli bo‘lmaydi. Binobarin, temir yo‘l atrofida sodir etiladigan har qanday qoidabuzarlik kun kelib ayanchli hodisaga sabab bo‘lishi mumkinligini ham esdan chiqarmaslik kerak.
Olim Qurbonazarov
“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Qashqadaryo filiali boshlig‘i