Hayotingizni xavf ostida qoldirmang!
So‘nggi yillarda “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati xodimlari tomonidan temir yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash, yuk va yo‘lovchi tashishlarni xavfsiz amalga oshirish, ayniqsa, temir yo‘l va avtomobil yo‘llari kesishmalarida harakat xavfsizligi qoidalariga amal qilinishini ta’minlash borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, bugungi kunda jadallik bilan rivojlanayotgan sohalardan biri bu temir yo‘l ekanligi hech kimga sir emas. Temir izlar turli shahar va tumanlarni bir-biriga bog‘lash orqali ko‘plab sohalar rivojiga va aholining uzog‘ini yaqin qilishga zamin yaratmoqda. Temir yo‘llar aholi yashaydigan hududda tez-tez avtomobil yo‘llari bilan kesishadi.
Shu sababdan mutaxassislar tomonidan poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida nafaqat shaharlarda, balki tumanlarda, chekka-chekka hududlardagi temir yo‘l va avtomobil yo‘llari kesishgan maskanlarda zamonaviy, so‘nggi rusumdagi avtomatlashtirilgan ko‘tariluvchi to‘siqlar, taqiqlovchi va ogohlantiruvchi chiroqlar hamda belgilar o`rnatilgan. Biroq shunga qaramay, ayrim mas’uliyatsiz haydovchilar tomonidan kesishmalarda harakat xavfsizligi qo‘pol ravishda buzilishi oqibatida baxtsiz hodisalar yuz beryapti, temir yo‘l infratuzilmasiga moddiy ziyon yetmoqda.
Qoidabuzar haydovchilar yo‘l kesishmalaridagi yaqinlashib kelayotgan poyezd haqidagi ogohlantirish belgilarini ko‘rib tursa ham yo‘lni kesib o‘tmoqchi bo‘lishadi. Oqibati esa barchaga ma’lum. Har ikki transportga yetgan moddiy zarar, insonlar tan jarohati olishi, ba’zan erta hayotdan ko‘z yumishi kabi noxush holatlarga olib kelishi mumkin.
Ma’lumki, katta tezlikda kelayotgan poyezd favqulodda to‘xtashi uchun eng kamida 800-1000 metr, yuqori tezlikda harakatlanuvchi lokomotivlar uchun esa undan ham ko‘proq masofa talab etiladi. Ushbu holat kesishmalarda haydovchilar hushyorlikni yanada orttirib, barcha qoidalarga amal qilishlari lozimligini bildiradi. Raqamlar misolida qaraydigan bo‘lsak, joriy yilning ortda qolgan 10 oyi davomida temir yo‘l kesishmalarda 30 ta poyezdlar va avtomobillarning to‘qnashuvi qayd etilgan bo‘lib unda fuqarolarimiz turli darajadagi talofotlar ko‘rishgan.
Yo‘l kesishmalaridagi to‘qnashuvlarning oldini olish maqsadida mutasaddi tashkilotlar vakillari muntazam ravishda avtoxo‘jaliklarda, sanoat korxonalarida, xususiy avtomobil egalari orasida hamda temir yo‘l yaqinida yashovchi avtomobil transporti mavjud aholi o‘rtasida, maktab va mahallalarda, haydovchilar tayyorlash o‘quv maskanlarida bu borada suhbatlar o‘tkazib kelinmoqda. Yo`l kesishmalari temir yo`ldagi yuqori xavfli hudud. Buni barcha avtoulov haydovchilari yodda tutishlari va qoidalarga rioya qilishlari shart.
Anvar Dushayev
“O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi
Toshkent filiali inspektori